Katolik ruhoniysi Xosemariya Eskriva de Balager 1928-yil 2-oktabrda Madridda “Opus Dei” tashkilotiga asos soldi. Kunlardan bir kun ruhoniy madaniy mashqlar qilish davomida Xudo uning taqdiriga yozgan missiyani anglab yetdi. Bu missiya dunyoviy professional mehnat va kundalik faoliyatni muqaddaslashtirish vazifasi edi. 1930-yil 14-fevralda uning boshchiligida ayollar apostollik ishi boshlandi. 1943-yil esa 14-fevralda avliyo Xosemariya ruhoniylar jamiyatini tashkil qildi.
“Opus Dei”ning maqsadi oddiy yer ishlari, xususan, kundalik kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish orqali sig‘inuvchilarga ularning kundalik hayotlarida ilohiylikni topishlariga yordam berish bo‘lib, tashkilotning shtab-kvartirasi Rimda, Viale Bruno Buozzi ko‘chasi 73-uyda joylashgan edi.
Tashkilotning tarixi
1936–1939-yillarda Ispaniya fuqarolar urushi davrida respublikachilar mamlakatdagi barcha diniy tashkilotlarni qattiq ta’qib qildi. Ta’qib qurbonlari 12 yepiskop va olti mingdan ziyod ruhoniylar va monastirlar edi. Shu sababdan ham yangi hukumat katoliklar orasida biroz qo‘llab-quvvatlandi. Franko hukumati tarkibida bir nechta “Opus Dei” a’zolari mavjud edi, bu esa tashkilotning fashizmga nisbatan xayrixohligi va hokimiyatga intilishi kabi ayblovlarga sabab bo‘ldi.Ammo tashkilot asoschisi har doim “Opus Dei” a’zolari ham boshqa barcha katoliklar singari siyosiy erkinlikka ega ekanliklari va o‘zlari afzal ko‘rgan siyosiy rejimga xayrixohlik bildirishlari mumkinligini ta’kidlab keldi. (Ierarxiya serkavey| Personalnaya prelatura “Оpus Dei”. www.hierarchy.religare.ru).
1947-yilda tashkilot “Provida Mater Ecclesia” konstitutsiyasiga ko‘ra, Papa Piy XII tomonidan tasdiqlandi. 1946-yilda Xosemariya tashkilotning shtab-kvartirasini Rimga ko‘chirdi va 1950-yilda “Opus Dei” diniy ishlar uyushmasiga rasmiy ravishda bo‘ysunuvchi “dunyoviy muassasa” maqomini oldi, bu tashkilotga butun dunyo bo‘ylab faoliyat olib borishga imkon berardi.
1982-yilda Papa Ioann Pavel II “Opus Dei”ga “shaxsiy prelatura” maqomini berdi, bu cherkovning pastoral va ierarxik tuzilishining bir qismi bo‘lib, bunda muassasa prelat tomonidan boshqariladi. “Shaxsiy” so‘zi shuni anglatadiki, prelaturaning yurisdiksiyasi cherkovlar va yeparxiyadagi kabi ma’lum bir hududga emas, balki faqat butun dunyoda yashaydigan aniq odamlar — “Opus Dei” a’zolariga tegishli. Tashkilot apostollik hayoti va jamiyatiga bag‘ishlangan institut ishlari bo‘yicha uyushmaga emas, balki yepiskoplar jamoatiga bo‘ysunadi.
Tashkilotning buguni
2008-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, prelatura 1 654 ta pastorlik qaramog‘idagi markazlardan iborat bo‘lib, uning a’zolari soni 88 904 tani tashkil qilgan — ulardan 972 nafari ruhoniylar edi. (Spravochnik prelaturi “OPUS DEI”, с. 34 , Almati, 2010).Iyerarxiya
Tashkilotni turli xil majburiyatlarni o‘z zimmalariga oluvchi “numerariya” a’zolari boshqaradi (“Opus Dei” a’zolari qasamyod qilmaydi, chunki ular monaxlar emas, balki oddiy odamlardir). Ularning ko‘plari prelatura markazlarida yashaydi, ba’zilari keyinchalik ruhoniy bo‘ladi. “Numerariy”lar orasida “inskripti” deb nomlangan, a’zolari noma’lum bo‘lgan maxsus guruh mavjud. Ushbu guruh yordamida tashkilot prelati navbatdagi prelatni tanlashda ishtirok etadigan “saylovchilarni” tayinlaydi.“Numerariya” a’zolari oila qurmaslik haqida va’da bermaydi va ular turmush qurishlari mumkin. Ayni paytda ular “Opus Dei”ning to‘la a’zolari hisoblanadi.
A’zolik qanday amalga oshadi?
“Opus Dei”ga qo‘shilish tashkilot va unga a’zo bo‘lishga qaror qilgan dindor o‘rtasida maxsus shartnoma tuzish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Tashkilotga qo‘shilish tartibi anchayin murakkab jarayon va u olti yilsiz amalga oshmaydi. A’zolik tartibiga ko‘ra, voyaga yetgan a’zolikka nomzod tashkilotga yozma tarzda ariza bilan murojaat qiladi, ariza olti oy ichida ko‘rib chiqiladi, shundan keyin bir yildan so‘nggina shartnomaviy turdagi rasmiy deklaratsiya orqali (har yili yangilanib turadigan) nomzod tashkilotga faqat vaqtincha qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Nihoyat, besh yildan so‘ng nomzodda tashkilotga doimiy a’zo bo‘lish imkoniyati paydo bo‘ladi.Shartnoma tuzuvchi jismoniy shaxs bir qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi: prelaturaning maqsadlari bo‘yicha prelatning yurisdiksiyasida bo‘lish; prelaturaning qonuniy normalariga rioya qilish va “Opus Dei” a’zolariga taalluqli boshqa vazifalarini bajarish.
“Opus Dei” rahbarlari
Xosemariya Eskriva de Balaguer tashkilotning ilk rahbari bo‘lib, u tashkilotni 1928-yil 2-oktabrdan 1975-yil 26-iyungacha idora qildi. “Opus Dei”ning keyingi rahbari Alvaro del Portilyo 1975-yildan 1994-yilning 23-martigacha, Xavyer Echevarriya Rodriges 1994-yildan 2016-yil 12-dekabrgacha uni boshqargan. 2017-yil 23-yanvardan hozirgi kungacha Fernando Okaris Branya “Opus Dei”ni boshqarib kelmoqda.Tashkilot faoliyatining mohiyati
“Opus Dei” a’zolari rivojlanayotgan mamlakatlarda tub joy aholiga ko‘mak berishga qaratilgan turli xil ta’limiy, ijtimoiy va madaniy tadbirlar uyushtiradi. Bunday tadbirlar orasida universitetlar, maktablar, kasb-hunarga yo‘naltirilgan o‘qitish markazlari, kichik klinikalar, xayriya tashkilotlari va boshqalarni tashkil qilish kabilar bo‘lishi mumkin. Prelaturaning asosiy ta’lim muassasasi bu Rimdagi yettita papa universitetlaridan biri bo‘lgan Muqaddas Xoch Papa universitetidir.Tanqidiy nazar
Tanqidchilar, shu jumladan, katolik ruhoniylari “Opus Dei”ni xavfli tashkilot deb hisoblaydi. Mavjud bo‘lishining boshida tashkilot o‘zining keyinchalik Ikkinchi Vatikan kengashida (1962–1965) qabul qilingan universal muqaddaslikka da’vatlari tufayli “yangi bid’at” degan nom olgan edi. Tashkilot bilan bog‘liq ko‘rilayotgan xavf asosan “Opus Dei”ning yashirin faoliyati va maxfiyligi bilan bog‘liq.Bosma va internet nashrlarida tashkilot mazhablarga xos bo‘lgan ko‘plab amaliyotlardan foydalanadi, degan mazmundagi materiallar mavjud. Papalar “Opus Dei” faoliyatini ma’qullashini bildirdi.
Qiziqarli faktlar:
- “Opus Dei” Den Braunning “Da Vinchi kodi” romanining syujetida muhim rol o‘ynaydi.
- “Opus Dei” ruhoniylari qaramog‘iga berilgan ibodatxonalar qatorida Venaning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lgan Sankt-Peter cherkovi mavjud.
- Tashkilot asoschisi Xosemariya Eskriva de Balager katolik cherkovi tomonidan kanonizatsiya qilingan edi. Hozirda prelaturaning boshqa bir nechta a’zolari, shu jumladan, bir juftlikni kanonizatsiya qilish jarayoni ketmoqda.
- Pamplonada (Ispaniya) mashhur Navarra universitetining ochilishi ham prelaturaning tashabbuslaridan biri edi
Izoh (0)