Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Barno Abdusamatova Andijonda 11-farzandni dunyoga keltirgan ayol haqida “Shifobaxshuz” Telegram kanaliga izoh berdi.
Eslatib o‘tamiz, 7-sentabr kuni Andijon shahridagi “Yangi hayot” mahallasida istiqomat qiluvchi Shukurjon va Nasibaxon Qodirohunovlar xonadonida 11-farzand dunyoga kelgan edi. Tug‘ruq hech qanday jarrohlik amaliyotisiz o‘tgan. Onaning ham, bolaning ham sog‘ligidan shikoyat bo‘lmagan.
Shifokor Barno Abdusamatovaning ta’kidlashicha, tug‘ruqning oraliq masofasini saqlash har bir ayolning individual organizmiga bog‘liq.
“Tibbiyot xodimlari bolalar sonini chegaralamagan. Biz faqat onani o‘ylagan holda, organizmida kechayotgan kasalliklarga qarab, tavsiya berishimiz mumkin. ‘Shuncha tug‘ilsin’, degan talab qonunda yo‘q. Biz berayotgan tavsiyalar tug‘ruq soni bilan bevosita bog‘liq emas. Balki keyinchalik ona organizmida bolaga o‘tuvchi oqsillar, vitaminlar, immunoglobulinlar va himoya reaksiyalarini qaydarajada yetkazib berishi bilan ham bog‘liq”, – dedi mutaxassis.
Abdusamatova andijonlik ayolning hech qanday jarrohlik amaliyotisiz 11-farzandni dunyoga keltirishiga izoh berar ekan, “Agar onaning organizmi sog‘lom, baquvvat bo‘lgan va fiziologik homiladorlikni o‘tkazgan bo‘lsa bola patologiyasiz tug‘ilgan bola hisoblanadi”, – dedi u.
Ma’lumot uchun, Andijon shahar hokimi ushbu oila a’zolarini yangi tug‘ilgan chaqaloq bilan tabriklab, oila ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan buyumlar: kir yuvish mashinasi, televizor, isitish pechi, bolalar aravachasi va yotog‘i, turli o‘yinchoqlar hamda boshqa zarur anjomlarni sovg‘a qilgan edi.
Izoh (0)