Fransiya 1789-yilgi Buyuk fransuz inqilobidan keyin 13 ta siyosiy rejimda yashadi. Shu davr mobaynida 21 ta konstitutsiyaviy hujjat joriy qilindi. Shular orasida 1791-yil 3-sentabrda qabul qilingan konstitutsiya Fransiya tarixidagi ilk yozma konstitutsiya edi. “Daryo” sana munosabati bilan bugungi maqolani Fransiyaning mazkur konstitutsiyasiga bag‘ishlaydi.
1791-yilgi konstitutsiya asoslari
Ushbu konstitutsiyaning bir nechta asosi bor. Ular qatoriga Styuartlarni ag‘darib tashlagan va parlamentar monarxiyaga olib kelgan 1688–1689-yillardagi ingliz inqilobi, ma’rifatparvarlardan qolgan siyosiy va falsafiy g‘oyalar harakatlari va atlant inqiloblari nomi bilan atalgan harakatlarni keltirish mumkin (Jacques Godechot. France and the Atlantic revolution of the eighteenth century, 1770-1799 (1965). Shuningdek, konstitutsiya tarafdorlari Amerikada qabul qilingan konstitutsiyalardan ham ilhom olgan edi.Angliyadagi Huquqlar deklaratsiyasi zamonaviylashgan monarxiya modelini taqdim etardi. Unga ko‘ra, hokimiyat ikkiga bo‘linardi. Bir tomondan qirol, ikkinchi tomondan ikki kamerali parlament davlat boshqaruvini bo‘lib olishar edi. Ushbu nazariyani Jon Lok o‘zining fuqarolik jamiyati haqidagi tezislarida 1690-yilda o‘rganib chiqqandi. Uning asosiy prinsipi bo‘lmish hokimiyatning bo‘linish prinsipi Monteskye tomonidan nazariyaga olib kirildi.
Ammo ingliz modeli shundayligicha qabul qilina olmas edi. Sobiq Uchinchi tabaqa deputatlari aristokratlardan iborat Palatani xohlamadi va shuning uchun yagona Palataga ovoz berildi.
Konstitutsiyaning qabul qilinishi
Konstitutsiya qabul qilishga qadam 1789-yil 20-iyundagi “To‘p o‘yini qasamyodi” bilan tashlandi. Deputatlar aynan o‘sha kuni qirollik konstitutsiyasini tuzishga bel bog‘ladi va bu uch yildan keyin amalga oshdi. 1789-yil 6-iyul kuni Milliy Assambleya (Fransiya parlamenti) 30 kishidan iborat konstitutsion qo‘mita tashkil qildi. Qo‘mita tuzilganidan boshlab to qabul qilingunga qadar bir necha bor moddalarni o‘zgartirdi. 1791-yil 1-sentabr kuni Pyer Samuel Dyupon de Nemur qo‘mitaga konstitutsiyani yakunlangan va qayta o‘zgartirilmasligi haqida e’lon qilishni taklif qildi. Ammo unga qarshilar konstitutsiyani qayta o‘qib chiqqandan keyin qirolga yuborishni maslahat berdi. Bahs-munozaralar esa cho‘zilib ketadigandek bo‘lib ko‘rindi.1791-yil 3-sentabr kuni qo‘mita a’zosi Jan Denis Lanjuines konstitutsiyani kechiktirishga bo‘lgan manyovrlarning oldini olish maqsadida qo‘mitaning konstitutsiyani “tugagan va unga hech qanday o‘zgartirish kirita olmasligini e’lon qilgani”ni ma’lum qildi. Shu tariqa Fransiyadagi ilk yozma konstitutsiya tayyorlandi va u 14-sentabr kuni qirol Lui XVI tomonidan qabul qilindi (Guy Putfin, “La Déclaration des droits de l'homme et du citoyen: recensement et variantes des textes (août 1789 – septembre 1791)”, Annales historiques de la Révolution française, vol. 50e année, no 232, avril-juin 1978, p. 180-200).
Konstitutsiya nimalarni ko‘zda tutar edi?
Ushbu konstitutsiyaning tarixiy ahamiyati shundan iborat ediki, u Fransiyadagi mutlaq monarxiyani cheklangan monarxiyaga aylantirgan edi. Ushbu konstitutsiya ortidan Fransiyada konstitutsion monarxiya tashkil etildi. Konstitutsiyaga muvofiq hokimiyat parlament va qirol o‘rtasida taqsimlandi. Parlament qonun chiqaruvchi, qirol esa ijro hokimiyatini egalladi.Ikki yilga saylanadigan 745 deputatdan iborat Milliy Assambleya soliqlarni belgilash, qonunlar ishlab chiqish va unga ovoz berish, urush e’lon qilish va tinchlik sulhlarini ratifikatsiya qilish kabi huquqlarga ega edi.
Ijro hokimiyatining egasi bo‘lgan qirol vorislik asosida tayinlanar, qasamyod esa konstitutsiya bilan bog‘liq edi. U vazirlarni tayinlash, ularni lavozimidan bo‘shatish, qonunlarni imzolash yoki to‘rt yilgacha taqiqlash (veto huquqi) va urush e’lon qilishi yoki tinchlik sulhi taklif qilish kabi huquqlarga ega edi. Qirolning Xlodvig davridan buyon saqlanib kelayotgan muqaddaslik tamoyili bekor qilindi.
Konstitutsiyaga muvofiq oliy hokimiyat esa jamiyatning barcha tabaqalaridan tashkil topgan millat qo‘lida edi. Qirol va parlament uning vakillari edi xolos. Shuningdek, konstitutsiya mamlakatdagi fuqarolarni ikki guruhga – aktiv va passiv guruhga bo‘ldi. Aktiv aholi mamlakatning siyosiy hayotiga qatnashadigan guruh edi. Passiv qatlamga ayollar va bolalar, xorijliklar kirar edi. Aholining aktiv qismi Fransiya aholisining 15 foizini tashkil qilardi.
Fransiya fuqaroligini olish uchun esa xorijliklar mamlakat hududida besh yil yashagan bo‘lishi yoki molk-mulkka ega bo‘lishi kerak edi. Bunga qo‘shma nikoh ham kirar edi. Keyingi avlod uchun esa qon huquqi yer huquqidan ustun bo‘ldi. Fransiya hududida tug‘ilgan xorijliklarning bolalari esa faqatgina voyaga yetgandagina fuqarolik oladigan bo‘ldi. Shuningdek, konstitutsiyada yana boshqa bir qator davlatga tegishli masalalar ham kiritilgan edi. U 210 moddani o‘z ichiga olgan edi.
Konstitutsiyaning bekor qilinishi va konstitutsiyaviy monarxiyaning mag‘lubiyati
Ushbu konstitutsiyaviy tuzum tez orada muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Chunki uning kamchiliklari ochilib qoldi. Dastlab 10 yilga mo‘ljallab qabul qilingan konstitutsiya bir yilgina yashadi xolos. Buning bir qancha sabablari bor edi:- birinchidan, fuqarolarni faol va passivga bo‘lish, bu barcha fuqarolarning tengligini e’lon qilgan huquqlar deklaratsiyasiga zid edi va qayta ko‘rib chiqish masalasida milliy irodani bog‘ladi;
- ikkinchidan, ichki qarama-qarshiliklar va urush;
- uchinchidan, mahalliy saylanadigan hokimiyat organlarini deyarli mustaqil qilib, bu bilan Fransiyadagi qonuniy markaziy hukumatning deyarli barcha imkoniyatlarini yo‘q qildi
Shunday qilib, 1791-yilgi konstitutsiyaning qabul qilinishi oxir-oqibat Fransiyada monarxiya ag‘darilishiga olib keldi. Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari bo‘lmish shaxsiy daxlsizlik, shaxsning e’tiqod, fikr, nutq va siyosiy erkinlik sohasidagi mustaqil namoyon bo‘lishi, qonunchilik va hukumatdagi vakillar orqali xalq ishtiroki ma’nosida mamlakatning keyingi konstitutsiyalari, jumladan, amaldagi konstitutsiyasidan ham joy oldi.
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)