Avstraliya hukumati fuqarolarining koronavirus pandemiyasi tufayli boshqa xorij davlatlariga chiqishiga qo‘yilgan taqiqni 17-dekabrgacha uzaytirdi. Bu haqda 9News xabar bergan.
Xorij davlatlarining fuqarolariga, hukumat amaldorlariga, dengizchilar va uchuvchilarga istisno tariqasida mamlakat hududidan tashqariga chiqishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, Avstraliya portlariga 17-dekabrgacha bortida 100 nafardan ziyod yo‘lovchisi bo‘lgan katta sayohat kemalarining kirishi ham taqiqlangan. Kema 15-martdan avval o‘z mamlakatini tark etgan bo‘lsa yoki yakunda Avstraliya portiga qaytishi belgilangan holatlar, favqulodda vaziyatlarda mazkur cheklov istisno tariqasida vaqtincha bekor bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, ikkala taqiq ham 25-martda joriy etilgan va mamlakatda hanuzgacha o‘z kuchida qolmoqda.
Avstraliyada 2020-yil 3-sentabr holatiga ko‘ra 26 mingdan ziyod kishida koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan. 678 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.
Avval Avstraliya poytaxti Kanberrada AQShning Novavax kompaniyasi ishlab chiqqan koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlari boshlangani haqida xabar qilingandi.
Izoh (0)