Aleksandr Lukashenko Belarusning Ispaniyadagi elchisi Pavel Pustovoyni lavozimidan ozod etdi. Bu haqda Belarus prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Pustovoy diplomatik martabasidan, “lavozim majburiyatlarini noto‘g‘ri bajarganligi” uchun ayrilgan. Shuningdek, u Belarusning Jahon turistik tashkilotidagi doimiy vakili lavozimidan ham bo‘shatilgan.
17-avgust kuni Pavel Pustovoy Belarusdagi vaziyatni XXI asrdagi Yevropa davlati uchun “nomaqbul” deb atagan edi. U prezidentlik saylovlaridagi ovozlarni qayta sanashga va norozilik namoyishlari vaqtida yo‘l qo‘yilgan zo‘ravonlikka aloqadorlar ustidan ochiq sud o‘tkazishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatdagi norozilik namoyishlarini birinchi bo‘lib 16-avgust kuni Belarusning Slovakiyadagi elchisi Igor Leshenya qo‘llab-quvvatlagan. 24-avgust kuni Lukashenko rasman uni vazifasidan ozod etgan.
Shuningdek, Belarusning Hindistondagi elchixonasining uchinchi kotibi Andrey Misyura va TIVning Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropadagi departamenti rahbari Andrey Bushilo muxolifatni qo‘llab-quvvatlagani uchun ishdan bo‘shatilgan.
Izoh (0)