Estoniyada tezlikni oshirganlar uchun yangi jazo turi — tinchlantiruvchi to‘xtash joyi joriy etildi, deb xabar bermoqda “Interfaks”. Parlament huquqiy komissiyasining tegishli taklifi 27-avgust kuni mamlakat hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Yangi qoidalarga muvofiq, tezlikni soatiga 20 kilometrdan oshirmagan haydovchi jarima to‘lamasdan dam olish va tinchlanish uchun 45 daqiqa to‘xtab turishi mumkin. Buni maxsus belgilangan joylarda yoki shunchaki yo‘l chetida amalga oshirish mumkin.
Kiritilgan yangi o‘zgarishlar 1-dekabrdan boshlab kuchga kiradi.
Hozirda Estoniyada tezlikni biroz oshirganlik uchun jarima qo‘llanilib, uning miqdori oshirilgan har bir kilometr uchun 3 yevrodan hisoblab chiqiladi.
Estoniyada jarima o‘rniga tajriba tariqasida “tinchlantiruvchi to‘xtash”dan foydalanish 2019-yilning kuzidan boshlangan. O‘sha paytda haydovchilarga tanlash huquqi berilgan — jarima to‘lash yoki yo‘l chetida 45 daqiqadan 1 soatgacha to‘xtab turish.
Politsiyaning bildirishicha, aksariyat haydovchilar ularga avtomatik ravishda pochtalariga keladigan kichik jarimalar ularning yo‘ldagi harakatlarini o‘zgartirishga turtki bermaydi. To‘xtab turish orqali yo‘qotilgan vaqt esa katta ehtimol bilan ularning tezlikni oshirish odatlariga ta’sir ko‘rsata oladi.
Izoh (0)