O‘zbekistonga Xitoydan 10 nafar tibbiyot mutaxassislari kelishi kutilmoqda. Bu haqda AOKA zalida tashkil etilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Rustam Ikromov ma’lum qildi.
“Ular ham o‘z mamlakatlarida olib borgan ishlaridan orttirgan tajribalarini o‘rgatib ketadilar va bu sohada ularning bizga ko‘magi beqiyos bo‘ladi, deb o‘ylayman”, — deydi mutaxassis.
Mutaxassislar koronavirusga chalinganlarni davolash muassasalarida o‘zbekistonlik shifokorlar bilan hamkorlikda ish olib borishi ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga shu vaqtgacha koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun 15 nafar xitoylik shifokor va tibbiyot mutaxassisidan iborat guruh, tarkibida anesteziolog, reanimatolog, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, epidemiolog, terapevt va kardiolog bor 40 nafar rossiyalik shifokor kelgan bo‘lsa, mart oyining oxiridan boshlab O‘zbekistonda koreyalik professor — epidemiolog Soy Chje Uk, yana bir koreyalik anesteziolog-reanimatolog, bir qancha turkiyalik mutaxassislar, Germaniyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislaridan bo‘lmish professor Verner Ber faoliyat yuritgan.
Izoh (0)