Amerikalik erkak 1988-yilda ishlab chiqarilgan “VAZ-2105” avtomobiliga bir qator o‘zgartirishlar kiritib, uni 500 ot kuchiga ega “maxluq”qa aylantirdi, deb xabar beradi Carakoom.
Tyuning qilingan mashina asosini sovet davrida AQShga import qilingan 1988-yilgi “VAZ-2105” tashkil etadi. Uzoq yillar davomida oddiy oilaga xizmat qilgan avtomobil keyinchalik hozirgi egasining qo‘liga tushib qolgan.
Modelga Yaponiyaning olti silindrli 2JZ turbomotori o‘rnatilgan. Dvigatelni almashtirish bilan Florida shtatidagi Rich Auto Works ustaxonasi shug‘ullangan. Bir qator modifikatsiyadan so‘ng, motor 540 ot kuchini taqdim etishga qodir bo‘lgan, biroq boshqa tizimlar ishining optimalligini ta’minlash maqsadida 500 ot kuchli chegara o‘rnatilgan.
Mashinaning elektr qismi bilan esa JR Wiring Solutions kompaniyasi shug‘ullangan. Aylanuvchi moment orqa g‘ildiraklarga olti pog‘onali Nissan CD009 mexanik uzatmalar qutisi orqali uzatiladi.
Avtomobilning texnik qismi tayyor bo‘lgach, uning tashqi ko‘rinishiga o‘zgartirish kiritilgan. To‘g‘ri burchakli g‘ildirak arkalari kengroq yoysimon shaklga kirgan. Bamperlar olib tashlangan, yukxona tomiga ducktail tipidagi spoyler o‘rnatilgan.
Kuzovning o‘zi esa yashil xrom rangli hamda 17 poyga nomeri o‘rnatilgan turfa rangli plyonka bilan qoplangan. Dvigatel silindr bloki kallakchasi ham xuddi shu uslubda bo‘yalgan.
Izoh (0)