Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan 58 yoshli jizzaxlik fuqaro vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashagan 58 yoshli A.M. ismli ayolda koronavirus tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.
Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, qandli diabet hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Shu tariqa Jizzaxda koronavirus qurbonlari soni 5 nafarga yetdi. Bu SSV statistikasi bo‘yicha — 109, “Daryo” hisob-kitobiga ko‘ra esa O‘zbekistondagi 115-o‘lim holati.
Izoh (0)