O‘zbekistonda 20-iyul soat 23:30 dan 21-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 567 ta holat qayd etildi. Ketma-ket beshinchi kun koronavirusga chalinganlar soni 500 nafardan oshmoqda. Hozirgacha eng ko‘p kasallanish holati 13-iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘sha kuni 594 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 17 881 kishiga yetdi.
Yangi kasallanish holatlari
Yangi kasallangan 567 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:- Toshkent shahrida — 270 nafar;
- Andijon viloyatida — 111 nafar;
- Namangan viloyatida — 42 nafar;
- Sirdaryo viloyatida — 36 nafar;
- Qashqadaryo viloyatida — 34 nafar;
- Jizzax viloyatida — 29 nafar;
- Qoraqalpog‘istonda — 23 nafar;
- Toshkent viloyatida — 15 nafar;
- Navoiy viloyati — 7 nafar.
Toshkent shahrida 270 kishida kasallik aniqlandi. Bir kun oldin poytaxtda 365 kishida koronavirus qayd etilgandi. Shu ikki kun ichida Toshkentda qayd etilgan kasallanish holatlari 635 tani tashkil etdi. Bu O‘zbekistonga kasallik kirib kelganidan buyon Buxoro viloyatida qayd etilgan jami kasallanish holatlari (633 ta) bilan deyarli bir xil natija. Toshkentda 11-iyul kuni 50 kishida kasallik aniqlanganidan so‘ng poytaxtda yangi kasallanish holatlari biron kun ham 100 tadan kam bo‘lmadi.
Andijon viloyatida bir kun ichida 111 ta yangi holat qayd etildi. Ammo bu viloyat uchun antirekord emas. 15-iyul kuni Andijonda 112 kishida kasallik aniqlangandi. Iyul oyi boshida Andijonda koronavirus qayd etilishi bilan bog‘liq 209 ta holat qayd etilgandi. Iyul oyi davomida kasallanganlar soni 793 nafarga yetdi. Andijon viloyati koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha hozirda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan so‘ng 3-o‘ringa chiqib oldi. Viloyatda koronavirus asoratlari oqibatida ilk o‘lim holati ham qayd etildi.
Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonov 20-iyuldagi brifingda kasallanganlar soni bu qadar ko‘payishini Qirg‘iziston bilan chegaradagi “Do‘stlik” chegara postidan o‘zbekistonliklar vataniga qaytarila boshlagani bilan izohladi. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, kasallanish holatlarining 50 foizi “Do‘stlik” chegarasidan o‘tgan turli viloyatda yashovchi fuqarolarda aniqlangan. Shuningdek, Shuhrat Abdurahmonov 20-iyuldagi brifingda viloyatdagi kasallanganlar soni 738 nafarni tashkil etishini bildirgan. Sog‘liqni saqlash vazirligining 20-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra bergan ma’lumotida Andijonda 682 kishida koronavirus aniqlangani xabar qilingandi. Avvalroq Erkinjon Turdimovning ham Samarqand viloyati bo‘yicha bergan ma’lumoti SSVnikidan farqli bo‘lgandi.
Namangan viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 22 kishida kasallik aniqlangan. Viloyatda 12-iyuldan beri har kuni yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda. Namanganda iyul oyida 286 kishida koronavirus qayd etildi, bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 49 foizidir.
Sirdaryo viloyatida 36 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. 17-iyuldan beri SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan, oxirgi besh kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni deyarli 2 baravarga ko‘paydi. 17—21-iyul oralig‘ida Sirdaryoda 210 kishida koronavirus tasdiqlandi.
Qashqadaryo viloyatida 34 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 15-iyuldan buyon endi yangi kasallanish holati qayd etildi. Iyul oyida Qashqadaryoda 246 ta yangi kasallanish holati qayd etildi. Bu viloyatdagi jami kasallanganlarning 56 foiziga tengdir.
Jizzax viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 29 kishida virus aniqlandi. Jizzax koronavirus eng kam aniqlangan hudud hisoblanadi. Viloyatdagi bemorlar soni 137 nafarga yetdi. Ularning 127 nafarida iyul oyida kasallik aniqlangan. Boshqacha aytganda, Jizzaxda koronavirus bemorlari soni iyul oyida deyarli 13 baravarga ko‘paydi.
Qoraqalpog‘istonda 23 kishida koronavirus qayd etildi. Respublikada iyul oyida koronavirusga chalinganlar soni 2 baravarga oshdi. 30-iyun holatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 151 kishida kasallik aniqlangan bo‘lsa, iyul oyida yana 158 kishi koronavirus yuqtirib olgani qayd etildi. Ular orasida Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov ham bor. Qoraqalpog‘iston koronavirusga chalinganlar soni 300 nafardan oshgan 11-hudud bo‘ldi.
Toshkent viloyatida koronavirus qayd etilganlar soni 15 nafarga ko‘paydi. 17-iyuldan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatining ko‘rsatkichlarini Toshkent shahridan alohida bera boshladi. O‘sha kuni viloyatda birontayam yangi holat aniqlanmagandi, 18-iyul kuni 22 kishida, 19-iyulda 31 kishida, 20-iyulda 4 kishida koronavirus qayd etildi. Hozir Toshkent viloyati kasallanganlar soni (1750 nafar) bo‘yicha Toshkent shahridan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi.
Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 7 kishida koronavirus qayd etildi. Navoiyda iyul oyida 101 kishida koronavirus aniqlandi. Bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 26 foiziga teng.
O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar
Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida 3 nafar, Andijon viloyatida 1 nafar, jami 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar berdi. Andijon o‘lim yuz bermagan oxirgi hudud bo‘lib turgandi. Endi O‘zbekistonda koronavirus tufayli o‘lim sodir bo‘lmagan bironta ham hudud qolmadi.Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 64 yoshli M.M. ismli erkakda 25-iyun kunidan 14-iyul kuniga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida o‘tkir strangulyatsion ingichka ichak tutilishi tashxisi bilan statsionar davolangan.
Bemorda 14-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va o‘ta og‘ir holatda Zangiota tumanidagi ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklari shifoxonasiga o‘tkazilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, ingichka ichak rezeksiyasi va anastomozi operatsiyasidan so‘nggi holat tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.
Shuningdek, unda o‘tkir strangulyatsion ichak tutilishi xastaligi bo‘lgan. Bemor asosiy kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan u o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
64 yoshli erkak Toshkent viloyatidagi shifoxonada vafot etganiga qaramay, uning o‘limi u yashagan Toshkent shahri hisobiga yozildi. Vaholanki, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adham Abdullayevda Gulistonda COVID-19 aniqlangandan so‘ng u Toshkent shahridagi shifoxonaga yotqizilgan va shu yerda vafot etgandi. Adham Abdullayevning o‘limi u yashagan Sirdaryo viloyatining emas, u vafot etgan Toshkent shahrining statistikasiga kiritilgandi.
Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 68 yoshli M.I. ismli ayol 25-iyundan 14-iyulga qadar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazida davolangan. 15-iyul kuni unda COVID-19 tasdiqlangan va u o‘ta og‘ir holatda Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilib, sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.
Bemorga COVID-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi hamda poliorgan yetishmovchiligi kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, infarktdan keyingi kardioskleroz, qandli diabetning og‘ir kechishi kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.
64 yoshli M.M. ismli erkak ham, 68 yoshli M.I. ismli ayol ham Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazida 19 kun davolanganidan so‘ng ularda koronavirus aniqlangan. Ular kasallikni avvalroq yuqtirganmi yoki shifoxonada kasallanib qolganmi, bunisiga SSV aniqlik kiritmagan.
Uchinchi o‘lim. Andijon viloyati Andijon shahrida yashagan 42 yoshli G‘.I. ismli erkakda 15-iyul kuni (shu kuni viloyatda jami 112 kishida koronavirus aniqlangan) COVID-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangan va u viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, qandli diabet, semizlikning 4-darajasi kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan G‘.I.ning ahvoli keskin og‘irlashgan, bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan. 42 yoshli G‘.I. Andijon viloyatida COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan birinchi bemor bo‘ldi.
To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 51 yoshli Z.S. 17-iyul kuni IIV Markaziy gospitalining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va 18-iyul kuni unda COVID-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangan.
Bemorga COVID-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Z.S.da kasallik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. Shuningdek, unda yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning o‘ta og‘ir kechishi, ikkala boldir arteriyalari okklyuziyasi, chap son yonbosh arteriyasi stenozi, surunkali pankreatit kabi hamroh xastaliklar bo‘lgan. Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan u o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Vafot etgan bemor O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi axborot xizmati katta mutaxassisi, podpolkovnik Zoyir Saydaliyev bo‘lib, uning 21-iyul kuni 51 yoshida hayotdan ko‘z yumgani haqida IIV xabar qilgandi. Biroq IIVning ta’ziyasida podpolkovnikning o‘limi sababiga aniqlik kiritilmagandi.
Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 8265 nafar bemordan 101 nafari og‘ir, 32 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 16-iyul kuni birinchi marta 60 nafardan, 17-iyul kuni 80 nafardan, 18-iyul kuni 90 nafardan, 19-iyul kuni 100 nafardan oshgandi, endi esa ularning umumiy soni 130 nafardan oshdi. Bir kun avval ahvoli og‘ir bemorlar soni 79, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 29 nafarni tashkil etayotgandi. Sirdaryo, Farg‘ona, Navoiy va Andijon viloyatlari hokimlari o‘z hududida o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘qligini ma’lum qilgandi.
Kasallikdan davolanish
Kun davomida Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasida 5 nafar, poytaxtda uy sharoitida 8 nafar, Samarqand viloyatidagi tibbiyot muassasasida 36 nafar, Qoraqalpog‘istonda 6 nafar, Sirdaryo viloyatida 3 nafar, jami 58 nafar bemor tuzaldi. Iyul oyida kunlik davolanganlar soni biron marta ham 100 nafardan kam bo‘lmagandi. Bemorlarning davolanishi bo‘yicha bundan ham past ko‘rsatkich bir oy oldin — 20-iyun kuni kuzatilgandi. O‘sha kuni shifoxonalarni faqat 17 nafar bemor tuzalib, tark etgan.SSV uy sharoitida davolangan bemorlar haqida ilk bor ma’lumot berdi. Bungacha bunday ma’lumotlarni faqat viloyat hokimlari e’lon qilayotgandi.
Hozirda kasallik qayd etilgan jami 17 881 nafar bemordan 9521 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 53 foizni tashkil etmoqda. Bu so‘nggi uch oy (may, iyun va iyul)dagi eng past ko‘rsatkichdir.
O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.
Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.
G‘ofurjon Mirzayev 20-iyul holatiga ko‘ra, Sirdaryoda davolanayotgan 190 kishining 57 nafari statsionar sharoitda, qolgan 133 nafari uy sharoitda davolanishda bo‘lib turganini aytgandi. Shuhrat Abdurahmonov 20-iyul holatiga ko‘ra Andijonda koronavirusdan davolanayotgan 313 kishining 117 nafari viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan bo‘lsa, 196 nafari uy sharoitida belgilangan muolajalarni olayotganini ta’kidlagandi. Ikkala viloyatda ham koronavirusdan uy sharoitida davolanayotgan bemorlar soni shifoxonada davolanayotganlardan ko‘proq ekanligini ko‘rish mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 8265 nafar bemordan 5849 nafari Toshkent shahrida davolanmoqda. Xorazmda 17, Farg‘onada 18, Navoiyda 59, Jizzaxda 72, Buxoroda 85, Samarqandda 94, Qoraqalpog‘istonda 107, Qashqadaryoda 109, Surxondaryoda 128, Namanganda 196, Sirdaryoda 225, Andijonda 351 va Toshkent viloyatida 955 nafar bemor qoldi.
Izoh (0)