Taniqli rejissor Sarvar Karimov Twitter’dagi sahifasida o‘zi va oila a’zolari COVID-19’ga chalingani, otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etganini ma’lum qilgandi.
Rejissorning 18-iyul kuni bildirishicha, ayni paytda u akasi va singlisi bilan birga Yunusoboddagi Nuroniy sanatoriysiga yotqizilgan.
“Meni, akamni va singlimni Yunusoboddagi Nuroniy sanatoriysiga olib kelib joylashdi. 8 ta qavatga bitta infeksionist va ikkita terapevt bor ekan. Bechoralarning ahvoli biznikidan battar. Boshqa vrachlar yo‘q, ukollar yo‘q, apparatlar yo‘q. Sabr qilishdan boshqa ilojimiz ham yo‘q”, — deb yozgan u Twitter’dagi sahifasida.
Avvalroq Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adham Abdullayev vafot etgani xabar qilingan, keyinchalik san’atkorning koronavirus bilan kasallanib hayotdan ko‘z yumgani oydinlashgandi. Xonanda Kaniza esa koronavirusga chalinganini bildirib, sog‘liqni saqlash tizimini tanqid qilgandi.
O‘zbekiston adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova o‘zida koronavirus belgilari kuzatilayotgan bo‘lsa-da, test topshira olmayotganini hikoya qilgan, keyinchalik kasallikdan uy sharoitida qanday davolanayotganini aytib bergan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-iyul, juma kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishda koronavirusni yengish uchun har kim o‘zi, oilasi, farzandlarining sog‘lig‘i va taqdiri uchun avvalo o‘zi mas’ul ekanini chuqur anglashi kerakligini ta’kidlagandi.
Izoh (0)