Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “qizil” hudud toifasiga kiritilgan mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi mavjud ko‘chalar beton to‘siqlar bilan to‘silib, fuqarolar harakati vaziyat barqaror bo‘lgunga qadar cheklanadi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Zangiota tumani hokimining 2020-yil 3-iyuldagi farmoyishiga asosan hamda koronavirusning oldini olish bo‘yicha shtab xulosasiga ko‘ra, 4-iyuldan tumanda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida karantin talablari kuchaytiriladi.
Ayni paytda Zangiota tumani jami 20 ta: “Qahramon”, “Erkin guzari”, “Asil”, “O‘ratepa”, “Dehqonobod”, “Navbahor”, “Alimbuva”, “Do‘stlik”, “To‘qimachi”, “Qirguzar”, “Mevazor”, “Fayzli”, “O‘rta”, “Aloqa”, “Saxovat”, “Qumariq”, “Tokzor”, “Amir Temur”, “Bog‘zor”, “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘inlari “qizil” toifaga kiritilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 4-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 9500 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 6251 nafari (66 foiz) sog‘aygan, 29 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.
Avvalroq Respublika maxsus komissiyasining 22-iyun qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida koronavirus aniqlangan “qizil” hududlarga blokpostlar qayta o‘rnatilishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)