Toshkent shahar Uchtepa tumanida Spark mashinasi 2 yoshli bolani urib ketishi oqibatida bola kasalxonada vafot etdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2-iyul kuni soat 12.00 da Uchtepa tumani Xondamir ko‘chasida Spark avtomobili haydovchisi 38 yoshli Zafar N. piyodani urib yuborgan. YTH natijasida 2 yoshli S.X. tan jarohatlari olib, shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.
IIBBning ma’lum qilishicha, YTHga haydovchining to‘satdan yo‘lga chiqib qolgan bolani ko‘rmay qolgani sabab bo‘lgan, bola mahalla ichida qarovsiz qoldirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Samarqandda Malibu va MAN to‘qnashishi oqibatida 3 kishi, Buxoroda Damas eshak aravani urib yuborishi oqibatida 25 yoshli ayol, Cobalt’ning yuk mashinasiga urilishi oqibatida 3 kishi, Farg‘onada esa Damas’lar ishtirokidagi YTHda haydovchilardan biri, Surxondaryoda esa “VAZ-2101” Malibu bilan to‘qnashib, yonib ketishi oqibatida haydovchi va yo‘lovchi vafot etgani haqida xabarlar berilgan edi.
Izoh (0)