Namangan viloyati yo‘llariga shovqin chiqaruvchi chiziqlarni chizish boshlandi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shovqin chiqaruvchi bu kabi chiziqlar termoplastdan tayyorlangan bo‘lib, u haydovchining hushyorligini oshirishga xizmat qiladi.
“Bugungi kunda charchoq holatida transport vositasini boshqarib, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘yib harakatlanayotgan haydovchilar ko‘plab uchramoqda. Ushbu haydovchilar tomonidan turli ko‘rinishdagi yo‘l-transport hodisalari ham sodir bo‘layotganligi hech kimga sir emas”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, yo‘lda harakatlanib kelayotgan haydovchilar ushbu chiziqlar ustidan harakatlanib o‘tgan vaqtida shovqin yuzaga keladi va charchagan haydovchi shovqinni eshitib yetarlicha sergaklanadi.
Bu chiziqlar faqatgina yo‘l-transport hodisalari oldini olish maqsadida chizilgan bo‘lib, sinov tariqasida qo‘llanilmoqda. Avvalroq xuddi shu turdagi yo‘l chiziqlari Toshkent viloyati hududlarida ham chizilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda Qashqadaryoning Koson tumanida O‘zbekistondagi ilk ovozli piyodalar yo‘lakchasi qurilgan edi.
Ma’lumot uchun, 2019-yilda mamlakat bo‘yicha jami 8588 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, ularda 7943 nafar fuqaro jarohatlangan va 2096 nafar shaxs halok bo‘lgan.
Izoh (0)