O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov koronavirusdan vafot etgan toshkentlik shifokor Alisher Uralovning xonadoniga 1-iyul kuni ko‘ngil so‘rab bordi. Bu haqda jurnalist Aziza Qurbonova Telegram’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Shahnoza Hasanova qo‘ng‘iroq qilib, hozirgina xonadoniga sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov kelganini aytdi. Vazir marhum shifokorning oila a’zolaridan samimiy ko‘ngil so‘rab, bu shifokorlar jamoasi uchun ham og‘ir judolik bo‘lganini bildirgan”, — deb yozadi jurnalist. Ta’kidlanishicha, Shahnoza Hasanova sog‘liqni saqlash tizimi uning iztiroblarini to‘g‘ri tushungani uchun minnatdor.
“Oila boquvchisini yo‘qotgani, Alisher Uralov xizmat faoliyati davomida koronavirus infeksiyasiga chalinib vafot etgani inobatga olinib, qonuniy barcha kompensatsiyalar qoplanishi ma’lum qilingan. Shuningdek, Shahnoza Hasanova u bilan hamdard bo‘lgan, murojaatiga befarq bo‘lmagan jamoatchilik vakillari, jurnalistlar va blogerlarga rahmat aytdi”, — deb qo‘shimcha qilingan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 28-iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasining Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazi (O‘rtasaroy)da xizmat ko‘rsatish uchun safarbar etilgan shifokori Alisher Uralov koronavirusga chalinib vafot etgani haqida xabar bergan edi. Ushbu bayonotdan so‘ng OAVga intervyu bergan Shahnoza Hasanova otasi 26-iyun kuni vafot etganini, otasiga lozim darajada e’tibor ko‘rsatilmaganini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)