Turkiyada nonushta — kahvalti muhim marosimga o‘xshaydi. Shved stolini esga soladigan dasturxonda turi mahsulotlar, sabzavot va mevalar alohida-alohida idishlarga solinib, did bilan bezatiladi.
Dasturxonda, asosan, non, zaytun, brinza yoki pishloq, ko‘katlar o‘rin olgan bo‘ladi. Turk nonushtasini omlet — menemen va tetiklashtiradigan achchiq choy yoki turk qahvasisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Bundan tashqari turklar, nonushtaga kunjutli non — smit yeyishni xush ko‘radi. Yana bir o‘ziga xoslik shundaki, turli-tuman mahsulotlar ko‘p bo‘lmagan miqdorda stolga qo‘yiladi. Asal, murabbo, shokolad pastasi singari shirinliklar maxsus kichik idishlarda nonushta dasturxonini bezaydi.
Bundan tashqari pishloqli tost, qovurilgan kartoshka yoki sosiskalar ham xohishga ko‘ra nonushtadan o‘rin olishi mumkin.Shuningdek, turklarda dam olish kunlari uydan tashqarida do‘stlar va yaqinlar bilan kechroq nonushta qilish an’anasi bor. Ba’zida bunday diydorlashish tabiat qo‘ynida o‘tkaziladi.
Turkiyada yashil parklar, sokin bog‘ va ko‘chalar ko‘p. Bog‘lardagi qalin, baland daraxtlar va favvoralar jazirama kunlarda ham bemalol piknik qilish imkoniyatini beradi. Piknik dasturxonidan, asosan, mavsumiy mevalar, shirinliklar, sharbat va buterbrodlar o‘rin olishi mumkin.
Turklar nonushtani tez-tez, yo‘l-yo‘lakay qilishni yoqtirmaydi aksincha, dasturxon atrofida to‘planib, taomdan shoshmay lazzatlanish va uning bahonasida dildan suhbatlashishni xush ko‘radi.
Izoh (0)