O‘zbekistonda koronavirusga chalingan turistlarga 3000 ming dollar miqdorida kompensatsiya to‘lanadi. Bu haqda “Axborot 24” dasturida ma’lum qilindi.
Shuningdek, “O‘zbekiston — xavfsiz sayohat kafolatlangan” sanitariya-epidemiologiya tizimi joriy etilib, bu sayyohlar uchun o‘ziga xos himoya yostig‘iga aylanadi. Uning doirasida “Xavfsiz turizm” fondi yaratilib, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan 20 milliard so‘m ajratiladi. Keyinchalik fond sertifikatlash bojlari hisobiga, shuningdek, turistlar bilan ishlashni xohlagan turoperatorlarning mablag‘lari hisobidan ixtiyoriy ravishda to‘ldirib boriladi. Davlat mulki bo‘lgan obyektlar ushbu dastur bo‘yicha majburiy ravishda sertifikatlanadi.
“Ichki va tashqi turistlar nafaqat koronavirus infeksiyasi, balki sanitar-epidemiologik osoyishtalikka oid boshqa muammolarga ham ularga ta’sir ko‘rsatmasligiga ishonishlari mumkin. Turoperatorlar, mehmonxonalar, umuman, turizm bilan bog‘liq barcha sohalar bir qator talablarni bajarish to‘g‘risidagi maxsus sertifikatga ega bo‘ladi. Mazkur sertifikatning mavjudligi ularga turistlar bilan ishlash imkoniyatini beradi”, — deydi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi raisi Ravshan Izamov.
Ma’lum qilinishicha, bu kabi amaliyot dunyoning ko‘plab davlatlarida keng qo‘llanilib kelinadi. Karantin vaqtida xorijlik turistlarga turoperatorlar tomonidan faqatgina “O‘zbekiston — xavfsiz sayohat kafolatlangan” reyestiridan o‘rin olgan obyektlar bo‘ylab amalga oshiriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda ichki turizm sohasida 200 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlash mumkinligi ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)