O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidagi departament mudirlaridan birida koronavirus aniqlandi. Bu haqdagi xabarlar avvaliga ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. “Daryo”ning hukumatdagi manbasi ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
Ayni paytda hukumat binosi qat’iy karantinga olingan.
Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi ishchi guruh 17-iyun kuni Shahrisabz shahriga tashrif buyurib, 2-Xalqaro Maqom festivaliga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishgan.
Videobloger Umid Normurodov tomonidan e’lon qilingan suratlarda Abdulla Aripov virus blokator taqib olganini ko‘rish mumkin.
16-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektorda Prezident Toshkent shahrida so‘nggi ikki haftada aholi orasida 482 kishida koronavirus aniqlangani, 57 holatda virusni yuqtirish manbasi noma’lumligini aytgandi. Bu kabi holatlar boshqa hududlarda ham kuzatilayotganini ta’kidlagandi. “Agar vaziyat shunday davom etsa, viloyatlar va ko‘p shaharlarni yopishga majbur bo‘lamiz”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.
Sog‘liqni saqlash vazirligi 17-iyun soat 10:00 da koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 68 ta, soat 17:00 da 77 ta yangi holat bo‘yicha xabar berdi. Lekin Toshkentda qayd etilgan holatlar haqida xabar berilmagandi. 145 ta holatning 135 tasi karantin muassasidagi fuqarolar orasida, 6 tasi Surxondaryoda va yana 4 tasi Buxoroda qayd etilgani ma’lum qilingandi. Koronavirusga chalingan bemorlar haqidagi ma’lumotlar soat 23:00 da yangilanadi.
O‘zbekistonda hozirgacha 5638 kishida koronavirus qayd etilgan. Ulardan 4131 nafari tuzalgan bo‘lsa, 19 nafari vafot etgan.
Izoh (0)