Qozog‘iston 2020-yil 20-iyundan boshlab Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Tailand, Gruziya va Yaponiyaga xalqaro reyslarni bosqichma-bosqich qayta tiklaydi. Bu haqda Qozog‘iston Sanoat va infratuzilmalarni rivojlantirish vazirligiga tayanib, “Kazinform” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, idoralararo komissiyaning 2020-yil 11-iyundagi qaroriga muvofiq hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyalariga binoan, epidemiologik vaziyatning darajasini hisobga olgan holda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xaritasi asosida 2020-yil 20-iyundan boshlab Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Tailand, Gruziya va Yaponiyaga xalqaro reyslar asta-sekin ochiladi.
Xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar soni aviakompaniyalarning havo transporti bo‘yicha mavjud hukumatlararo bitimlar asosida va har bir yo‘nalishda havo kemalarining tijorat yukiga qarab belgilanadi. Reyslar va chiptalarni sotish aviakompaniyalar veb-saytlarida e’lon qilingan jadvalga muvofiq, fuqarolarning yuqorida ko‘rsatilgan davlatlar bilan davlat chegarasi orqali o‘tishiga qo‘yilgan cheklovlarning olib tashlanishi va Qozog‘istondagi epidemiologik vaziyatning yaxshilanishiga bog‘liq ravishda amalga oshiriladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 13 872 kishiga yetgan. Hozirga qadar 8593 kishi sog‘aygan, 67 kishi virus qurboniga aylangan.
Mavzuga doir: Qozog‘iston va Qirg‘iziston chegarasidagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlari ochiladigan bo‘ldi
Izoh (0)