Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-iyun, payshanba kuni Toshkent shahar Sergeli tumanini shahar markazi bilan bog‘lovchi yangi yo‘l va ko‘prik loyihasi bilan tanishish vaqtida Toshkent shahrining transport konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu konsepsiya geoinformatsion tizim orqali shahardagi transport va yo‘lovchilar oqimini tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan. Undan maqsad, avvalo, xavfsizlik, qulaylik va iqtisodiy unumdorlikdir.
Qayd etilishicha, yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkillashtirish natijasida yiliga 19 million dollarlik yoqilg‘i tejalishi, 129 million dollarlik taxminiy zararning oldi olinishi hisob-kitob qilingan. Avtobuslar soni va yo‘nalishlarini optimallashtirish orqali yiliga 2,5 million dollar iqtisodiy samaraga erishish mumkin.
Konsepsiyada, shuningdek, avtomatik to‘lov tizimini rivojlantirish, avtomobil to‘xtash joylari va piyodalar o‘tish yo‘laklarini ko‘paytirish kabi qator qulayliklar nazarda tutilgan.
Prezident piyodalar va velosipedlar harakatiga ko‘proq sharoit yaratish zarurligini qayd etdi.
“Bizning yo‘llarda transport vositalariga ko‘p ustuvorlik berilgan. Aslida piyodalar harakatini, odamlarning halovati, salomatligini birinchi o‘ringa qo‘yish kerak”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Transport konsepsiyasini Toshkent shahrining bitta tumanida aprobatsiya qilish, keyinchalik butun poytaxt va boshqa shaharlarda joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu yerda Yakkasaroy tumanida ko‘p qavatli savdo kompleksi, mehmonxona va turar joy qurish bo‘yicha investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Izoh (0)