Futbol agenti Pere Gvardiola “Manchester Siti”ni boshqarayotgan akasi Xosep Gvardiolaning kelajagi haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, Xosep kelajakda qaysidir milliy terma jamoada ishlashni orzu qiladi.
“Pep qachondir milliy jamoani boshqarishni orzu qiladi. Ko‘ramiz, kelajakda nima bo‘lar ekan. Aniq taklif bo‘lgan vaqtni to‘g‘ri baholay olish zarur. Hozir bu haqda gapirishga erta”, — deydi Pere Gvardiola.
Ma’lumot o‘rnida, Pep Gvardiola faoliyati davomida “Manchester Siti”dan tashqari “Bavariya” va “Barselona” klublarida ustozlik qilgan. U katalon klubi bilan La Liga va Ispaniya Superkubogida 3 martadan, Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati, Ispaniya Kubogida 2 martadan zafar quchgan. “Bavariya”da 3 bor Bundesligada, 2 bor Germaniya Kubogida, bir martadan UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan bo‘lsa, “shaharliklar” bilan 2 martadan Angliya chempionati hamda Superkubogida, 3 bor Liga Kubogi va 1 marta mamlakat Kubogida g‘alaba qozongan.
Uning “Manchester Siti” bilan amaldagi kelishuvi 2021-yilgacha amal qiladi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)