Koronavirusga chalingan mushuklar, hatto COVID-19 alomatlari kuzatilmayotgan bo‘lsa ham sog‘lom hayvonlarga virus yuqtirishi mumkinligi aniqlandi. Bu haqda AQShning Viskonsin universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalariga tayanib Associated Press xabar bermoqda.
Tadqiqot davomida olimlar uchta mushukni odamlardan olingan koronavirus bilan kasallantirgan. Keyin ularning har biri sog‘lom mushuk bilan bir joyga qo‘yilgan. Oradan besh kun o‘tgach, kasallangan mushuklarga biriktirilgan sog‘lom mushuklarda ham virus aniqlangan. Biroq ularning hech birida COVID-19 alomatlari kuzatilmagan.
Olimlarning fikricha, ushbu tadqiqot natijalari virusning mushuklardan odamga yuqishi ehtimolini yana o‘rganib chiqish lozimligini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, Amerika veterenariya tibbiyot assotsiatsiyasi (AVMA) o‘z bayonotida hayvonlar laboratoriyada atayin kasallangan bo‘lsa ham, bu ularning tabiiy muhitda ham shu virus bilan osonlikcha kasallanishini anglatmasligini bildirgan.
Hayvonlarning koronavirus yuqtirib olgani haqida avval ham ma’lum qilingandi. Xususan, Nyu-Yorkdagi Bronks hayvonot bog‘ida yo‘lbars koronavirus yuqtirib olgandi. Bu — dunyoda yo‘lbarsning koronavirusga chalinishi bilan bog‘liq birinchi holat, AQShda esa hayvonning koronavirus yuqtirib olgani aniqlangan birinchi holat edi. Hayvonot bog‘ida yo‘lbarsga mazkur infeksiya uni parvarishlayotgan xodimdan yuqqan bo‘lishi mumkin, deb hisoblanmoqda.
Keyinchalik Nyu-York shtatida uyda boqilayotgan ikki mushukda koronavirus ham qayd etilgan. Virus odamdan yuqqan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.
Bundan tashqaro, Niderlandiyadagi ikki fermada qorako‘zanlar koronavirusga chalingan, Tanzaniyada esa echki va papayyada ham koronavirus aniqlangan.
Izoh (0)