Ishtixon tuman xalq ta’limi bo‘limining markazlashgan moliya buxgalteriya xizmati hamda hisob-kitoblar bo‘limi hisobchilari tomonidan 951 million so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar bermoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, 951 million so‘m budjet mablag‘lari tuman XTB hisobchilari — A.Hamrayev, Z.Yo‘ldoshev, O.Xoliqulov, Sh.Shirinov va M.Metanboyevlar tomonidan talon-toroj qilingan.
Ta’kidlanishicha, hisobchilar maktabda ishlaydigan ayrim xodimlarga ish haqini ortiqcha hisoblash orqali orttirilgan mablag‘larni boshqa maktabda ishlaydigan xodimlarning plastik kartochkasiga o‘tkazib bergan. So‘ng ushbu plastik kartochkalarni qo‘lga kiritib, ortiqcha hisoblangan mablag‘larni o‘z manfaati uchun sarflagan.
Viloyat prokuraturasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Ishtixon tuman XTB hisobchilariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 184-1-moddasi (budjet va smeta-shtat intizomini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ushu holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)