O‘zbekistonda 18-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra jami 1450 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa (ularning to‘rt nafari vafot etgan, 156 nafari sog‘ayib, reabilitatsiyaga olingan), ayni vaqtda 353 nafar bemor Toshkent shahrida davolanmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov “O‘zbekiston 24” telekanalidagi chiqishida ma’lum qildi.
Davlat bosh sanitariya inspektorining Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti rahbariyati taqdim etgan axborotga asoslanib ma’lum qilishicha, 18-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra ushbu institut klinikasida davolanayotgan 102 nafar bemorning 29 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti. To‘rt bemorning ahvoli og‘ir, bir bemorning ahvoli esa o‘ta og‘ir deb baholanmoqda.
Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan 98 bemordan ikki nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 153 bemorning 46 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilmoqda, yetti bemorning ahvoli og‘ir, bir bemorning ahvoli esa o‘ta og‘ir deb baholanmoqda.
Izoh (0)