“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” rukni doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Mixail Sholoxovning “Inson taqdiri” hikoyasini tahlil qiladi.
Fleshbek
Mixail Sholoxovning “Inson taqdiri” hikoyasi men uchun juda qimmatli va kuchli asar. Asarni tahlil qila olishga jasoratim yetmasa kerak deb o‘ylar edim. Ammo bugun shu hikoya tahliliga qo‘l urdim. Asarni birinchi marotaba talabalik yillarimda o‘qiganman va soatlab bir nuqtaga termulib qolganman. Hayotimda biror qiyinchilikka duch kelgan paytim men hikoyani qayta o‘qishga kirishaman. Sizga ham ilindim, albatta, o‘qing.
Asar haqida
Mashhur rus yozuvchisi Mixail Sholoxovning ushbu hikoyasi Ikkinchi jahon urushi tugaganidan o‘n yillar o‘tib, 1956-yilda yoziladi. Ammo asar qahramoni va mavzusi allaqachon pishib yetilgan edi, ya’ni urush tugashidan bir yil o‘tib muallif yo‘l-yo‘lakay uchratgan suhbatdoshining hikoyasidan ta’sirlanganida, “Bu mavzuda, albatta, yozaman”, deya yuragiga tukkan edi. Asar 1956-yili 31 dekabr kuni “Pravda” gazetasida bosilib chiqdi.
Sujet
Asar ma’lum nuqtagacha rassom-yozuvchi tarafidan hikoya qilinadi va keyin uning suhbatdoshi, ya’ni asar qahramoni tilidan davom ettiriladi. Hikoya urush tugaganiga bir yil o‘tib, bahor tasviri bilan boshlanadi. Muallif ish uchun yo‘l yurib borarkan bir daryo kechigidan ikki kishilik solda o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Va hamrohlarini kutish sirasida suhbatdoshi bilan uning yonidagi mitti bolakayga duch keladi. Muallifni bu insonning usti yirtiq-yamoq bo‘lsa-da, yonidagi bolakayning anchayin orasta kiyintirilgani ajablantiradi. Suhbat boshlanadi, aynan shu o‘rindan hikoyani asar qahramoni davom ettiradi.
Bu metin irodali inson Andrey Sokolov edi. U 1900-yilda Voronejda tug‘ilgan, bolaligidan boshlab og‘ir kunlarni boshidan kechirgan. Anchayin ocharchilik bo‘lgan o‘sha davrlarda Andrey boshqa shaharlarga ishlashga ketgan, ko‘p og‘ir ishlarni qilgan va bir amallab qorin to‘yg‘izgan. Ammo uning ota-onasi va singlisi ochlikdan vafot etgan. Hayotida hech bir yaqin kimsasi qolmagan Andrey oradan yillar o‘tib uylanadi va uning hayoti yana nurga to‘ladi. Yetimxonada katta bo‘lib qiyinchilikni yaxshigina his qilib ulg‘aygan turmush o‘rtog‘i Irina Andrey bilan birga osuda va baxtli hayot kechirar edi.
Avval o‘g‘illi, keyin ikki qizli bo‘lishadi. O‘g‘li Anatoliy juda ilmli, ayniqsa, matematikaga o‘zgacha qobiliyatli bola bo‘lib yetishadi. Mana shunday baxtli hayot davom etarkan, urush boshlanib Andrey jang maydoniga otlanadi. Erini frontga kuzatar ekan, Irina yig‘layverib ado bo‘ladi va eriga bundan keyin ko‘risholmaymiz deydi. Bundan jahli chiqqan Andrey bo‘ynidan osilib yig‘layotgan xotinini qo‘lidan ushlab itarib yuboradi. Bir balo qilib yupatib, oilasi bilan xayrlashib jangga yo‘l oladi.
Janglarda ikki marta yaralanadi va eng dahshatlisi qiyin kechgan janglarning birida nemis askarlariga asir tushadi. Asirlik davri ikki yil davom etadi. Bu vaqt mobaynida Andreyning ko‘rmagan azob-u qiyinchiligi qolmaydi. Itdek kaltaklanadi, ochlikdan qiynaladi. Rus askari bo‘lsa-da, xoinlik qilgan yigitni o‘ldirishga majbur bo‘ladi. Asirlikda Germaniyaning Rur, Bavariya, Berlin va shu kabi juda ko‘plab shaharlariga olib ketiladi. Bir necha bor qochishga ham urinib ko‘radi, ammo bo‘lmaydi.
O‘limga tik qarasa ham dushmanga boshini egmagan Andrey ikki yil deganda bir nemis mayoriga haydovchilik qilishga tayinlanadi va Vatanga yaqin masofadagi shaharga yuboriladi. Bu vaziyatni qo‘ldan bermay, barcha ehtiyot choralarini ko‘radi, mast holdagi nemis mayorni yaralab mashinaga bog‘laydi va Vatan sarhadlari tomon yeldek uchadi. Amallab rus armiyasi tomonga o‘tadi va bu jasorati uchun mukofotlanadi. Ozodlikdan sarmast Andreyga oilasini ko‘rib kelish uchun bir oyga ta’til beriladi va u hayajon ichra oilasiga xat yo‘llaydi.
Biroz kechikishlardan so‘ng javob xatini qo‘shnisi Ivan Timofeyevichdan oladi. Bu xat unga qattiq zarba bo‘ldi. Xatda janglardan birida aviazavodga nemislar tomonidan berilgan havo zarbalarning birida bombalardan biri aynan uning uyiga tushgani va oila a’zolarining o‘sha paytda uyda bo‘lgani, halokatdan so‘ng ulardan nom-nishon topilmagani haqida edi. Ammo o‘g‘li Anatoliy o‘sha payt shaharda bo‘lgani sababli omon qolgani, voqeadan xabar topgach ko‘ngilli bo‘lib jangga otlangani ham yozilgan edi.
Hech bo‘lmasa o‘g‘lining tirik qolganidan ko‘nglida oz bo‘lsa-da, iliqlik qolgan Sokolov o‘g‘lidan xat oladi. Harbiy sohada ancha muvaffaqiyatga erishgan Anatoliy oltita orden va medallar bilan mukofotlangan, komandir etib tayinlangan edi. Bularni o‘qigan Sokolov o‘g‘lini ko‘rish, uni uylantirish, shirindan-shakar nabiralar qurshovida qolish haqida orzularga berilib ketadi. Anatoliy bilan ko‘rishishiga bir necha kun qolgan hayajonli kunlarning birida navbatdagi fojiali xabar keladi.
O‘g‘li jangda mardonavor halok bo‘lgan edi. Ko‘p o‘tmay Andrey armiyadagi ishiga yakun yasab, Uryupinskdagi bir do‘stining uyiga yo‘l oladi. O‘sha yerda haydovchilik qiladi. Otasi jangda, onasi poyezdga bomba tushganda vafot etgan 4–5 yoshlardagi Vanyushani uchratib qoladi va uni o‘ziga og‘il qilib oladi. Vanyusha tufayli Andreyning hayoti yana nurga to‘ladi. Ishida yuz bergan muammo tufayli Uryupinskdan Kasharga yayov yo‘l olgan Andrey bilan Vanyusha mana shu o‘rinda daryo kechigida muallif bilan suhbatini tugatib yo‘liga davom etadi.
Tahlil
“Inson taqdiri” hikoyasi yuqorida aytib o‘tganimizdek urush tugagan yillarda yozish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, oradan o‘n yillar o‘tib, 1956-yilda yozilgan. 1953-yilda Stalin vafot etdi. Uning 270-sonli qaroriga muvofiq jangda dushmanga taslim bo‘lganlar xoin hisoblanib, yo‘q qilinishi kerak. Ularning oilasi esa har qanday davlat yordamidan mahrum etilishi kerak edi. Sholoxov Stalin siyosatiga doimo tanqidiy yondashgan va “Inson taqdiri” hikoyasida ham o‘sha tanqidiy yondashuvni kuzatishimiz mumkin.
U o‘z asarlarida urush yillarida minglab asir tushgan askarlar hayotining qanchalik qiyin kechganini va jamiyatning ular haqidagi fikr va qarashlarini o‘zgartirishga uringan va bunga erishgan desam to‘g‘ri bo‘ladi. Sholoxov ijodida harbiy adabiyot o‘zining tub burilishiga uchrab, minglab “Sokolovlar” hayotiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsata olgan.
Asarni adabiy unsurlar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, muallif bilan Andreyning uchrashib qolishi va muallifning Vanyusha nega orasta, toza kiyingan-u, bu odam yirtiq-yamoq holatdaligini o‘ylagan o‘rni bu — asar tugunidir. Bu odam kim? Yonidagi bolakay uning kimi bo‘ladi kabi savollar o‘quvchini ham o‘ylantirib qo‘yadi. Asarning hikoya shakli ham o‘zgacha. Shartli ravishda hikoya voqealarini urushdan oldingi, urush davri va urushdan keyingi voqealar kabi zamonlarga ajratsak ham xato bo‘lmaydi.
Hikoya ichida hikoya tarzida bayon qilingan asar qahramoni temir irodali Andrey Sokolov mardonavor, mag‘rur, sadoqatli rus jangchisi timsolidir. Hikoyani o‘qir ekansiz, bu xarakterning qanchalar kuchli iroda sohibi ekaniga guvoh bo‘lasiz. U bolaligidan yo‘qchilik azobini chekdi, malaylik qildi, ocharchilik tufayli oilasi ochlikdan vafot etib hech kimsiz qoldi. Bu uning hayotidagi kurashlarda olgan ilk zarbasi edi va bundan keyin barini yo‘qdan bor qila oldi.
Bir qizga ko‘ngil qo‘ydi, uylandi, ular mo‘jaz uy sotib oldi, farzandli bo‘ldi, ya’ni hayotining qop-qora zulmatli kunlaridan yorug‘ kunlarga yetib kela oldi, taslim bo‘lmadi. Umr yo‘ldoshi Irina Andrey bilan baxtli edi. Andrey hikoya qilarkan, frontga ketishi oldidan Irinaning u bilan xayrlashayotganda aytgan gapi uchun ko‘ksidan itarganini eslagani va asar kulminatsion nuqtasiga chiqib Irina, Nastya va Olyushka bomba tushishi oqibatida nom-nishonsiz halok bo‘lishini o‘qigan paytda o‘quvchining qalbidan nimadir uzilib tushganday bo‘ladi.
Bir inson uchun bundan ortiq dahshat bo‘lishi mumkin emasday go‘yo. Go‘yoki inson ruhiyati bu fojialarni yenga olmaydiganday tuyuladi. Ammo hayot davom etadi, irodasiz insonlargina hayot tamom deb nuqta qo‘yishi mumkin. Shuncha og‘ir kunlarni boshidan kechirishiga qaramasdan o‘g‘lini tirik qolganini eshitgan ota qalbidagi so‘nggi iliqlik bilan hayot kurashida yana davom etadi. Ammo sinovli dunyoning zarbalari hali tugamagan edi.
O‘g‘li bilan ko‘rishishiga oz qolganda uning, hayotidagi so‘nggi ilinji – dilbandining jangda vafot etganini o‘qigan o‘quvchi endi o‘zini yig‘lashdan to‘xtata olmaydi. Azoblanadi, ruhiyati dosh bermaydiganday tuyuladi davom etishga. Ammo Andrey umuman yig‘lamaydi ham. Chunki uning ko‘z yoshlari qalbiga botib ketgan edi. U kurashishdan to‘xtamaydi, insoniyatga in’om qilingan hayot atalmish ne’matdan iliqlik qidiradi va Vanyushani uchratib qoladi. Hayot uning uchun yangidan boshlanadi. Hikoyani o‘qiyotgan o‘quvchi ham asar so‘nggida biroz tin oladi, ammo hikoyani o‘qib tugatgach beixtiyor bir nuqtaga uzoq termulib qoladi.
Xulosa
Mixail Sholoxov buyuk yozuvchi. Uning asarlari zamon tarixidan hikoya qilish bilan birga insonga kurashishni, taslim bo‘lmaslikni o‘rgatadi. Qiyin davrlarda ham tushkunlikka tushmasdan hayotdan rang qidirishga undaydi.
Iqtiboslar
- Siz xuddi kul bosganday, cheksiz g‘am-g‘ussa bilan to‘lib toshgan va qaragan kishining yuragi orqasiga tortib ketadigan ko‘zlarni hech mahal ko‘rganmisiz?
- Tashqaridan qaraganda ko‘zga unchalik yaqin ham emas edi-yu, lekin men unga tashqaridan emas, ichimdan, dilimdan qarardim. Shu tufayli dunyoda mening uchun undan go‘zal, undan dilbar ayol yo‘q edi, unaqasi bo‘lmaydi ham;
- “Umrning qanday o‘tganini sezdingmi?”– deb biror keksa odamdan so‘rab ko‘r-chi, nima der ekan? Sezgan bo‘lsa o‘lay agar. O‘tgan umrni huv anovi xira tuman bosgan uzoq dasht deyaver;
- Chap tomonda kimningdir tanki gumburladi, o‘ng tomonda ham, oldinda ham otishmalar davom etardi, hademay dimog‘larga kuygan et isi ham ura boshladi;
- Chamasi, Germaniyadagi odam kuydiradigan pechkalar hammamizga yetmagan bo‘lsa kerak.
- Yozuvchi “Inson taqdiri” hikoyasini yetti kunda yozib tugatgan;
- Mixail Sholoxov “Tinch Don” asari uchun “Nobel” mukofotiga sazovor bo‘lgan;
- Sholoxov Stalinga xat yozadi. U xatda qishlog‘i Vashenskaya misolida 1932-yili g‘alla bilan ta’minlashga majburlanganini ochiq oydin tasvirlaydi.
Mavzuga doir:
- “Qullikning eng dahshatli tomoni shundaki, u his-tuyg‘ularni o‘ldiradi”. Garriet Bicher-Stouning “Tom amakining kulbasi” romani haqida
- “Hammasi bolalikda qum qasrlar va qartadan yasalgan uylarni buzishdan boshlanadi”. Markus Zusakning “Kitob o‘g‘risi” romani haqida
- Karantin payti o‘qish tavsiya etiladi. Alber Kamyuning “Vabo” romani haqida
- “Bu romanni bir marta emas, besh marta o‘qish kerak”. 10-aprel – Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun
Izoh (0)