Qirg‘izistonda koronavirus bilan kasallangan yana bir bemor vafot etdi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Madamin Karatayevga tayanib, “Kloop.kg” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 87 yoshli bemor Novqat tumanidagi kasalxonada vafot etgan.
10-aprel holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonda yana 18 kishida koronavirus aniqlangan: Bishkek va Chuy viloyatlarida — olti nafardan, Alamedin va To‘qmoq tumanlarida — bir nafardan. Jalolobod viloyatida uch kishida koronavirus aniqlangan — ikki nafari Suzoq tumanida va bir nafari Jalolobod shahrida. Kasallanish bo‘yicha yana bir holat Issiqko‘l viloyatida qayd etilgan.
Butun mamlakat bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlar soni 298 kishiga yetgan. Bemorlarning 154 nafarini ayollar tashkil etayotgan bo‘lsa, 144 nafari — erkaklar. Koronavirus bilan kasallanganlarning asosiy qismi O‘sh viloyati hisobiga to‘g‘ri kelmoqda (98 kishi). Jalolobodda 89 kishida koronavirus aniqlangan bo‘lsa, Bishkekda 42 kishi virusni yuqtirib olgan. Batken va Issiqko‘ldagi bemorlar soni — 5 kishidan.
Avvalroq Qirg‘izistonda koronavirus bilan kasallangan bemorlarning besh nafari reanimatsiyada ekanligi ma’lum qilingandi.
Mavzuga doir: Qirg‘izistonning yirik shaharlar aholisiga kechki 8 dan keyin ko‘chaga chiqish taqiqlandi
Izoh (0)