O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlik holatlari soni 8 taga oshib, 158 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ushbu infeksiya 12-martda Turkiyada bo‘lib, kasalligi tasdiqlangan bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lgan 2 nafar namanganlik, ikkinchi marhum bilan yaqin muloqotda bo‘lgan, asli navoiylik 2 kishida, ya’ni ona va bolada, shuningdek, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 4 nafar toshkentlik fuqaroda aniqlandi.
“Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida davolanayotgan bemorlarning 22 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti va bu rentgenologik tekshiruvlar natijasida tasdig‘ini topgan”, — dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorat davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov “O‘zbekiston 24” telekanalidagi chiqishida.
Hozirgi paytga kelib mazkur infeksiya institut klinikasida davolanayotgan besh nafar bemorning ahvoli og‘ir, ularning ikki nafarining ahvoli esa nisbatan og‘ir deb baholanmoqda. Barcha bemorlar tegishli davolash muolajalarini olmoqda. Har bir bemor tibbiy kuzatuv ostida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 12-mart kuni Umra safaridan Turkiya orqali qaytgan namanganlik ayolning koronavirusga chalingan 72 yoshli onasi 27-mart kuni tongda infarktdan vafot etgani, uning dafn marosimida birorta ham qarindoshi qatnashmagani haqida xabar berilgan edi.
Bundan tashqari, koronavirusning ikkinchi qurboni — Toshkentda vafot etgan 39 yoshli shifokor kasalligini yashirib, o‘zini uyda davolashga uringani, undan qashqadaryolik 14 yoshli jiyaniga yuqqani, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan o‘smirning ahvoli o‘rta og‘irlikda ekani aytilgan edi.
Qayd etish joiz, O‘zbekistonda 31-mart soat 10:00 holatiga ko‘ra yetti nafar bemor sog‘aygan.
Izoh (0)