Nigeriyada neft quvuri portlashi oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘ldi, 25 kishi jabrlandi. Bu haqda Channels TV telekanaliga tayanib “RBK” xabar bermoqda.
Portlash mamlakatning eng yirik shahri Lagos yaqinidagi Abul Ado hududida sodir bo‘lgan. Shtat politsiya komissari Hakim Odumosuning so‘zlariga ko‘ra, quvurda portlash yuzaga kelishiga inson omili sabab bo‘lgan. U terakt yoki vandalizm sodir bo‘lganini inkor etgan.
Birinchi portlashdan so‘ng bir nechta ikkinchi darajali portlashlar sodir bo‘lgan va u vayrongarchilikka olib kelgan. Xususan, mahalliy cherkov butunlay vayron bo‘lgan va yotoqxona binosiga jiddiy zarar yetgan. Shuningdek, bir nechta turar joylar ham butunlay va qisman vayron bo‘lgan.
Ushbu hududda yashovchi aholi jabrlanmaslik maqsadida o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Barcha jarohatlanganlarga voqea joyining o‘zida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, og‘ir jarohatlanganlar kasalxonaga yotqizilgan.
Izoh (0)