Bosh prokuraturada 12-mart, payshanba kuni O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Bosh prokuraturaning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, uchrashuv davomida delegatsiya vakillariga Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston hayotining barcha jabhalarida, xususan, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohatlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bilan Rossiya Tergov qo‘mitasi o‘rtasidagi hamkorlik professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish va shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish orqali izchillik bilan rivojlanayotganligini ta’kidladi.
Taraflar o‘zaro manfaatli bo‘lgan keng qamrovli masalalarni muhokama qildi va idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida Bosh prokuratura bilan Rossiya Tergov qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamda 2020—2021-yillarga mo‘ljallangan idoralararo hamkorlik dasturi imzolandi. Ushbu hujjatlarning amalda tatbiq etilishi huquqiy sohada axborot va ilg‘or tajriba almashish orqali ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Rossiya delegatsiyasining tashrifi shakllangan sermahsul aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash yo‘lida muhim qadam ekanligi qayd etildi.
Izoh (0)