Xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining filiali Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
9-mart, dushanba kuni, Adliya vazirligi xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti “Mehribonlik Korpusi” (Mercy Corps)ning (AQSh) O‘zbekistondagi filialini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Uning asosiy maqsadlaridan biri qishloq va shaharlardagi oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida xususiy, davlat va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar o‘rnatish va yanada mustahkamlash, shuningdek, ta’lim sifatini oshirishdir.
Filial 2020—2025-yillarda Qorqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 410 ta maktabgacha ta’lim muassasasida mutanosib ovqatlanish va ularning infrastrukturasini yaxshilashga mo‘ljallangan loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
“Mehribonlik Korpusi” O‘zbekistonda 10 yil avval o‘z faoliyatini yakunlagandi.
Izoh (0)