Turkiya qurolli kuchlari Aleppo viloyatidagi Suriya hukumat qo‘shinlari tomonidan nazorat qilinuvchi harbiy aerodromga hujum uyushtirdi. Operatsiya oqibatida ushbu obyekt foydalanish uchun yaroqsiz ahvolga kelib qolgan, deb xabar beradi CNN Turk.
Anadolu agentligining yozishicha, Turkiya aerodromga uchuvchisiz uchar qurilmalar va turk artilleriya kuchlari yordamida zarba berib, uni yakson qilgan.
Suriya qo‘shinlari aerodromdan turk harbiy kuchlari va Idlibdagi aholi punktlariga hujum qilishda foydalangan.
Avvalroq Suriyaning SANA axborot agentligi hukumat harbiy havo kuchlarining ikkita samolyoti Idlib viloyati yaqinida turk harbiylarining hujumiga uchraganini xabar qilgandi.
Idlibdagi vaziyat Turkiyaning Suriya hukumati qo‘shinlariga qilgan hujumi oqibatida chigallashgan. Fevral oxirida Anqara Suriyaning havodan hujumi oqibatida 33 nafar turk harbiysining halok bo‘lganini tasdiqlagan va ushbu harakatga hujum bilan javob qaytargandi.
Izoh (0)