Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona posti orqali qo‘shni mamlakatga o‘zining Lexus RX 330 avtoulovida chiqib ketayotgan fuqaro B.A.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortdi, deb xabar berdi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Qayd etilishicha, fuqaro o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Natijada, avtomashinada bojxonachilarning og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan va deklaratsiyada ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 100 million so‘mlik bir bosh “Oqpanja gibbon” va olti bosh “Yava makakasi” turidagi maymunlar borligi aniqlandi.
Hozirda Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan maymunlarning sog‘ligi veterinar-shifokorlar nazoratida bo‘lib, yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi 408-sonli qonuni talablariga muvofiq, hayvonot dunyosi obyektlarini olib kirish va olib chiqish belgilangan tartibda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Izoh (0)