Farg‘ona viloyati IIB YHXB tomonidan 2 ta Tracker va Lacetti rusumli xizmat avtomashinalariga internet tarqatuvchi qurilma va belgilar o‘rnatildi. Endilikda har qanday fuqaro ulardan bepul foydalanishi mumkin. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Respublikada ilk bor Farg‘onada joriy qilingan bu yangilik, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish, ularning elektron axborotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan.
“Patrul ziyo maskani” deya nom berilgan loyihadan samarali foydalanish uchun, fuqarolar xizmat avtomashinalari yonida shaxsiy uyali aloqa vositalarining Wi-Fi tizimini yoqishadi va undagi “Patrul ziyo maskani” tarmog‘iga ulanishadi. Avtomashina sirtidagi maxsus QR-kodi orqali “ZiyoNet” ta’lim portalining kutubxona bazasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanadi.
Bundan tashqari unda “TAS-IX” tizimidagi boshqa saytlardan ham foydalanish mumkin.
Izoh (0)