Yevropa Ligasi musobaqasi 1/8 final bosqichining barcha ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi.
“Ayntraxt” 28-fevral, juma kuni 1/16 finalning qoldirilgan javob bahsida “Zalsburg” bilan o‘ynadi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (2:2, 4:1) keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Shu tariqa Germaniya, Angliya va Ispaniyaning oltitadan klubi Yevrokuboklar 1/8 finaliga yo‘l oldi.
Germaniyada “Bayer”, “Volfsburg” va “Ayntraxt” Yevropa Ligasida ishtirokini davom ettirayotgan bo‘lsa, Chempionlar Ligasida “Bavariya”, “Leypsig” va “Borussiya D” kurash olib bormoqda.
Angliyaning ikki klubi Yevropa Ligasida keyingi bosqichga yo‘l oldi: “Manchester Yunayted” va “Vulverhempton”. “Chelsi”, “Tottenhem”, “Liverpul” va “Manchester Siti” esa Chempionlar Ligasida harakat qilmoqda.
Shuningdek, Ispaniya La Ligasining olti klubi ham Yevrokuboklar 1/8 finaliga yo‘l oldi: “Xetafe”, “Sevilya” (Yevropa Ligasi) va “Real”, “Atletiko”, “Barselona”, “Valensiya” (YChL).
Italiyada bunday jamoalar soni beshtani tashkil etmoqda. Chempionlar Ligasida: “Yuventus”, “Napoli” va “Atalanta”. Yevropa Ligasida esa “Roma” va “Inter”. Fransiyada esa ikki jamoa qoldi va ikkisi ham YChLda ishtirok etmoqda: PSJ va “Lion”.
Ma’lumot uchun, Chempionlar Ligasi 1/8 finalida faqat kuchli beshlik klublari ishtirok etmoqda. Portugaliyaning barcha klubi Yevropa Ligasi 1/16 finalida o‘z yurishini to‘xtatdi. Yevropa Ligasi 1/8 finalida , Gretsiya, Turkiya, Ukraina, Avstriya, Shveysariya va Shotlandiyadan bittadan klub ishtirok etadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)