Ijtimoiy tarmoqlarda Lacetti haydovchisi va uning oldida o‘tirgan sherigining tungi vaqtda ko‘chadagi notanish qizga gapirayotgani aks etgan video tarqaldi.

Mashina Buxoro viloyat hokimligiga qarashli ekanliga ishora qilgan video muallifi ularga yaqinlashib, “Davlat raqamiga e’tibor qarating. Bu qaysi hokimiyatning mashinasi?”, deydi. Shundan so‘ng haydovchi katta tezlikda ulardan uzoqlashib ketadi.

Ma’lum bo‘lishicha, videoda tasvirlangan avtomashina haqiqatan ham hokimlik bo‘limlaridan biriga tegishli bo‘lib, Buxoro viloyati hokimligi buni tan olgan.

Buxoro viloyati bo‘yicha g‘aznachilik boshqarmasi ma’muriyati xabariga ko‘ra, bu masala 25-fevral kuni boshqarma mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishida keng muhokama qilingan.

Haydovchi belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda xizmat avtomashinasidan o‘z shaxsiy ehtiyoji uchun foydalangani hamda notanish yo‘lovchi qiz bilan gaplashish orqali haydovchining lavozim yo‘riqnomasi va boshqarmaning odob-axloq qoidalari talablarini buzgani uchun ishdan olingan.