2020-yil yanvar oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 2,9 milliard dollarni tashkil etib, 2019-yilning mos davriga nisbatan 251,9 million dollarga kamaydi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda so‘z boradi.

Foto: “Daryo”

TSA’da eksport hajmi 1,2 milliard dollarga (o‘sish sur’ati – 4,9 foiz) va import hajmi 1,6 milliard dollarga (o‘sish sur’ati – 8,7 foiz) yetgan. Hisobot davrida — 373,8 million dollar qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etilgan.

O‘zbekiston jahonning 129 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. TSA’ning nisbatan salmoqli hissasi Xitoyda (17,5 foiz), Rossiyada (16,0 foiz), Qozog‘istonda (7,4 foiz), Janubiy Koreyada (6,5 foiz), Turkiyada (5,7 foiz), Afg‘oniston (1,7 foiz) va Germaniyada (1,6 foiz) qayd etilgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatlar orasidan oltita davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan, xususan, Afg‘oniston (48,3 million dollar), Turkiya (26,9 million dollar) Tojikiston (18,6 million dollar), Qirg‘iziston (14,3 million dollar), BAA (4,3 million dollar) va Eron (2,3 million dollar). Qolgan 14 ta davlatlar bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda.

2020-yil yanvar oylida tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 33,7 foizni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasining o‘tgan yilga nisbatan o‘sishi 9,1 foizni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 33,8 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yil yanvar-noyabrda 38,2 milliard dollardan oshgan edi.