Davlat aktivlarini boshqarish agentligida dunyoda samolyotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan Fransiyaning ATR Aircraft kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi agentlik matbuot xizmati.
Ushbu kompaniya asosan 50-90 o‘ringa mo‘ljallangan samolyotlar ishlab chiqarib, jahonning 100 dan ortiq davlatiga yetkazib beradi. Uchrashuvda kompaniya vakillari tomonidan 2 xil turdagi havo kemalari haqida taqdimot o‘tkazildi.
Taklif etilayotgan samolyotlarning eng asosiy afzalligi sifatida yoqilg‘i tejamkorligi va uzoq muddat ekspluatatsiya qilinishi aytildi. Zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan ushbu samolyotlar boshqa havo kemalariga nisbatan past shovqinli bo‘lib, deyarli ikki barobar kamroq yoqilg‘i sarflaydi. Bundan tashqari, ulardan turli noqulay iqlim sharoitlarda, qattiq qoplamasiz aerodromlarda ham foydalanish imkoniyati mavjud.
Uchrashuvda bu turdagi samolyotlardan mamlakat ichki reyslari va qo‘shni respublikalarning 1000 km masofagacha bo‘lgan hududlari bo‘ylab parvozlarni amalga oshirishda foydalanish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Muloqot yakunida tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, yangi tashkil etilayotgan Humo Air aviakompaniyasi bilan ushbu takliflar doirasida fikrlashib, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ishonch bildirildi.
Avvalroq Uzbekistan Airways to‘rtta Boeing samolyotini sotuvga qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.
Mavzuga doir: Uzbekistan Airways to‘rtta Boeing samolyotini sotmoqda
Izoh (0)