“2019-nCoV virusiga qarshi ta’sir ko‘rsata oladigan dori vositalari hozircha mavjud emas, lekin kasallikka chalinganlarning ko‘p qismi undan vafot etmaydi, ular muolajalar yordamida shifo topadi”, – deya ta’kidlagan JSSTning faqulodda dasturlar bo‘yicha ijrochi direktori Maykl Rayan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
“Yangi koronavirusga qarshi kurasha oladigan tasdiqlangan, samarali dori vositalari yo‘q. Epidemiya yuqishi va tarqalishiga qaralsa, uning asosan immuniteti past yoshi katta odamlarning o‘limiga sabab bo‘layotgani anglashiladi. Bemorlarning aksar qismi virus ta’siridan emas, balki ichki organlarning ishlashdan to‘xtab qolishi oqibatida yoki virus tufayli yuzaga kelgan talvasa sabab vafot etgan. Shu sababli bemorlarning asosiy qismi har tomonlama to‘g‘ri davolansa omon qolishi mumkin”, – degan Rayan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi virusdan davolanishda OIV yoki avvalgi tojviruslardan sog‘ayishda samara bergan dori vositalari naf berishi hali o‘z isbotini topmagan. Lekin Xitoy sertifikatsiyaga ega ushbu dorilardan, xususan Interferon va ingibitorlardan 2019-nCoV’ga qarshi kurashdan foydalana oladi. JSST mamlakatni ushbu dorilar bilan bog‘liq tadqiqotlar natijalari haqida ma’lumot berib borishga chaqirdi.
Xitoy hukumati 2019-yil 31-dekabrda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga Xubey viloyatining Uxan shahrida noma’lum virus tarqalganini bildirgan. Mutaxassislar kasallikni 2019-nCoV koronavirusi keltirib chiqarayotganini aniqlagan. Xitoyning materikli qismida kasallik bilan zararlanganlar soni 24,3 ming nafardan oshgan, 490 nafar odam vafot etgan, Gonkongda ham bitta odamning o‘lgani xabar qilingan. Xitoydan tashqarida 170 dan ortiq odam koronavirusga chalingan. JSST koronavirusni xalqaro miqyosidagi favqulodda holat deb tan olgan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)