Buyuk Britaniya 1-fevralga o‘tar kechasi 47 yillik a’zolikdan so‘ng Yevropa Ittifoqini tark etdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi shu munosabat bilan maxsus axborot berdi.
“Yevropa Ittifoqining rasman bildirishicha, Buyuk Britaniyaning YeI tarkibidan chiqishi munosabati bilan Yevroittifoq qonunchiligi hamda uchinchi davlatlar bilan tuzilgan xalqaro shartnomalar Buyuk Britaniyaga nisbatan o‘tish davri mobaynida (2020-yilning 1-fevralidan 31-dekabrigacha) avvalgidek kuchda qoladi.
O‘zbekiston o‘tish davri yakunlangunicha Buyuk Britaniyani O‘zbekiston Respublikasi va Yevroittifoq o‘rtasida imzolangan barcha xalqaro shartnomalarni, jumladan, 1996-yil 21-iyundagi Sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni bajarish nuqtayi nazaridan YeIning a’zo davlati sifatida biladi”, — deyiladi TIV axborotida.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi dastlab 2019-yilning mart oyiga mo‘ljallangan edi, biroq parlament va hukumat o‘rtasida yakdil qarorga kelinmagani sabab bir necha bor qoldirilgan.
Izoh (0)