Ijtimoiy tarmoqlarda umumta’lim maktablarida bolalar tomonidan koronavirus to‘g‘risida diktant yozayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Xalq ta’limi vazirligi bu ma’lumotni tasdiqladi.
Vazirlikdan qayd etishlaricha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash, kasallikning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Aholini koronavirus kasalligidan muhofaza qilish uchun tavsiyalar ishlab chiqilgan. Mazkur tavsiyalarni yosh avlodga sodda tilda yetkazish maqsadida maktablarda diktant yozish tadbirlari tashkil etilgan.
“Diktant yozish davomida o‘quvchilar koronavirus yuqish yo‘llari va uning tarqalishini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan choralar haqida ma’lumotlar oladi. Jumladan, bolalarga muntazam qo‘l yuvish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish kerakligi uqtirilmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirus tarqalgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, bugungi kunga qadar O‘zbekiston fuqarolari orasida infeksiya qayd etilmaganini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)