O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi (Qozog‘iston) elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 27-yanvar kuni 52 nafar yo‘lovchi, jumladan, 42 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus Shimoliy Qozog‘iston viloyati hududida qorda qolib ketgan, deb yozmoqda TIV matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, barcha yo‘lovchilar yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan evakuatsiya qilingan va 30-yanvar kuni avtobus marshrut bo‘yicha harakatlanishda davom etgan.
Anomal ob-havo sharoiti tufayli Qozog‘istonning qator hududlarida favqulodda vaziyat rejimi joriy etilgan, muhim avtotrassalar yopilgan.
Shu munosabat bilan TIV Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolari qish mavsumida avtobus yoki boshqa transport turlarida Qozog‘istonga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rishga e’tibor qaratish zarurligini yana bir bor eslatib o‘tgan.
Izoh (0)