To‘rt haftadan beri yo‘qolib ketgan Sarvar usta yana safimizga qaytdi. Nega yo‘qolganini surishtirsak, saylov o‘tgach, ustachilik qilib hammaning uyini boshqatdan avtonom shaklda elektrlashtiribdi va gazlashtiribdi. “Iye, davlatning elektri va gazini qayerga bekitdingiz?”, degan savolimizga “saylovdan keyin men ham elektr va gazni qidiryapman”, javobini berdi. Shuncha ish turganda elektr-gaz kabi mayda-chuydalar bilan odamlarni chalg‘itmang, kommun..., yo‘g‘e, buyuk kela.. , yana adashdik, ha, yangi O‘zbekistonni qurib olsak, muammongiz hal bo‘ladi, deb ishontirdik.
Birinchi qora hazil
Xo‘sh, yigitlar. Yana blogerlar chempionati o‘tkazamizmi? Avvalgilarida juda yayradinglar, esimda. O‘yin-kulgi qildinglar. Endi jilovni tortish vaqti keldi. Endi chempionat boshqacha bo‘ladi.
- Uchinchi o‘ringa: qattiq ogohlantirish;
- Ikkinchi o‘ringa: beshta minimalka;
- Birinchi o‘ringa: o‘n besh sutka.
Parlament quyi palatasi yangi qonun loyihasi ustida ish olib bormoqda. Kuzatuvchilar yangi qonun mamlakatimiz xavfsizligi va taraqqiyotini ta’minlashda ahamiyatliginini ta’kidlamoqda. Yangi qonun tuhmat va haqorat uchun jazo turlari o‘zgartirilishini nazarda tutadi. Loyihaga ko‘ra:
- Omma oldida haqorat qilgan shaxsga, oddiy fuqaro bo‘lsa, EKIHning 40 baravaridan 60 baravarigacha jarima solinadi;
- Omma oldida haqorat qilgan shaxsga, bloger bo‘lsa, 10 sutkadan 1 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanadi;
- Omma oldida haqorat qilgan shaxs, hokim bo‘lsa, uzr so‘rash va Senatda muhokama qilish orqali chora ko‘riladi.
Uzr, buyog‘i o‘zbekchilik. Tilga ehtiyot bo‘lib yuringlar, deydi xolis ekspertlarimiz. Divanniy analitiklarimiz ham buni tasdiqlaydi. Iye, ha? Nega basharangni qiyshaytirasan, bloger? Nuritdinov bilan Olloshukurovani eslatavermasdan, kattalar gapirganda xo‘p degin. Ular nima desa, shu bo‘ladi. Raqamli iqtisodiyot deysanmi? Bo‘ladi u ham. Internet tezligi bo‘yicha reytingimiz, elektr uzilishini gapirishga balo bormi? Muhimi, raqamli iqtisodiyotni amalga oshirish. Eh, raqamli iqtisodiyot qanday yaxshi narsa. Bo‘ldi, gapni ko‘paytirmasdan ishlaylik, vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shaylik.
Sarvar usta
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)