“Navoiyazot”da qurilayotgan azot kislotasi ishlab chiqaruvchi majmuasining qurilish-montaj ishlari yakunlandi, u fevral oyida ishga tushiriladi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bugun, 17-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Umumiy qiymati 217 million dollarga teng ushbu obyekt Shveysariyaning Casale Sa kompaniyasi bilan hamkorlikda bunyod etilmoqda. Bu korxona yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega bo‘ladi.
Shu tariqa 55 yil oldin qurilgan, har tomonlama eskirgan azot kislotasi sexlari foydalanishdan chiqariladi. Eng muhimi, 1 tonna mahsulot ishlab chiqarish uchun elektr energiyasi sarfi 18 barobar kamayadi, havoni ifloslantiradigan 150 ming tonna miqdoridagi nitroz gazlari tutib qolinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni “Navoiyazot”da barpo etilayotgan ushbu korxona qurilishini borib ko‘rgan hamda barpo etilayotgan majmua Navoiy viloyati ekologiyasi, havo musaffoligi, aholi salomatligi uchun g‘oyat muhimligini alohida ta’kidlagandi.
Izoh (0)