Taniqli tadbirkor Murod Nazarov xalq deputatlari Toshkent shahar kengashidagi deputatlik faoliyati davomida arzon uy-joylar qurish, shuningdek, quruvchilar assotsiatsiyasini tuzish tashabbuslarini ilgari surmoqchi. Bu haqda u “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

O‘zbekistonda uy-joy tanqisligi juda katta. Qurilish ko‘p, lekin bu yetarli emas — uy-joy baribir yetmayapti. Shuning uchun uylarni ko‘p qurish kerakligini bilardik. Ayniqsa, hamyonbop uylar juda ham kerak. Lekin bu ishga kirishishga qo‘rqardik. Buning uchun katta tizim va barcha ma’lumotlari puxta tayyorlangan platforma kerak. Hamyonbop uylardan foyda oz qoladi, lekin hajm kattaligi hisobidan yutiladi.

Murod Nazarov.
Foto: “Daryo”

Agar tizim yaxshi bo‘lmasa, yo kompaniya zararga kirib ketadi, yoki aldab qochib ketishga majbur bo‘ladi. Arzon uy-joylar qurishda tizim yaratgan, IT-platformasi bilan barcha jarayonlarni optimizatsiya qilgan Qozog‘iston kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tuzdik. U MDHdagi eng kichik kompaniyalardan biri bo‘lib, ortiqcha sarf-xarajatlarni yo‘qqa chiqarish hisobiga uylarning tannarxini ancha pasaytirgan. 2020-yilda dastur bo‘yicha quriladigan arzon uy-joylar qurilishiga ham kirmoqchimiz.

Ikkinchidan, uy-joy quruvchilar assotsiatsiyasini tuzmoqchimiz. Quruvchi kompaniyalarning ko‘paygani bir tomondan yaxshi, boshqa tarafdan esa aldaydiganlar ham ko‘payadi. Chunki bilgan-bilmagan odam qurilish sohasiga kirganidan keyin, har xil yaxshi-yomon holatga tushib qolishi mumkin. Odamlar ularga ishonib pul to‘laydi. Kompaniya ertaga inqirozga uchrasa yoki qurgan uyi talabga javob bermasa, odamlar hech narsa qila olmaydi, davlatga ham katta muammolar olib keladi.

Shuning uchun assotsiatsiya tuzib, aniq qonun-qoidalarni, reglamentlarini ishlab chiqmoqchimiz. Assotsiatsiya nodavlat-notijorat shaklida bo‘ladi. Davlat qila olmaydigan narsani assotsiatsiya nazorat qilish kerak. To‘g‘risi, davlatning kuchi yetmaydigan joylar bor. O‘ziga yarasha tartib-intizom kerak. Uy qurish — o‘yinchoq narsa emas. Odamlar yillab yiqqan pulini quruvchiga olib borib beradi-da, ertaga muammo bo‘lsa, bu davlat miqyosidagi muammoga aylanadi. Bunday muammolar boshqa davlatlarda juda ko‘p bo‘lgan. Bizda endi bo‘ladi. Bu narsa asta-sekin sezilmoqda.

Quruvchi tashkilotlarning assotsiatsiyaga a’zoligi ular uchun bir obro‘ga aylanadi. Masalan, assotsiatsiyaga a’zo bo‘lmagan kompaniyaga ishonch ham kam bo‘ladi. Quruvchi kompaniya umumiy tartib-qoidalarga amal qilmayaptimi, demak, bu kompaniya ishonchsiz, xavfli va xatarli ekanligini mijoz ham biladi. Assotsiatsiya mayda qurilish kompaniyalarini sindirish uchun tuzilyaptimi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Aksincha — marhamat, qonun-qoidalarga amal qilib erkin ishlayversin. Assotsiatsiya mayda qurilish tashkilotlarining rivojlanishiga yordam beradi.

Biz nima uchun buni tuzyapmiz? 10 yil avval mikrokredit tashkiloti xalqni aldagan. Pensionerlarning pulini yig‘ib olib, o‘zi yo‘q bo‘lib qolgan. O‘sha kompaniyaning qilmishi uchun barcha kredit kompaniyalari yopib tashlandi. Xuddi shunday — bir-ikki insofsiz kompaniyalar odamlarni aldagani hisobiga boshqa quruvchilar ham aziyat chekadi. Birinchidan, mijozlar qo‘rqib qoladi, uy olmay qo‘yadi. Ikkinchidan, bu davlat miqyosidagi katta muammoga aylanadi. Shu narsalarning oldini olish uchun bu ishlar qilinadi.

Murod Nazarov va “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.
Foto: “Daryo”

Butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham yer olish eng katta muammo. Assotsiatsiya esa — yer olishmi yoki boshqa shunga o‘xshash muammomi, farqi yo‘q — quruvchilar nomidan ish olib borib, yechim topadi. Biz katta quruvchi bo‘la turib, ba’zi muammolarni davlatga ayta olmaymiz. Muammolarimiz ko‘p, lekin davlatga aytolmaymiz. Assotsiatsiya mana shu yerda bizga kuch vazifasini o‘taydi.

Murod Nazarov, tadbirkor, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati