Aralash jang san’ati (MMA) bo‘yicha o‘rta (-84 kg) vazn toifasida oktagonga chiqib kelayotgan o‘zbekistonlik Mahmud Murodovning (24-6, 15 KO) UFC’dagi uchinchi jangi bekor qilindi, deya ma’lum qildi GoSport.
Avvalroq Mahmud Murodov MMA’ning eng nufuzli turniri bo‘lgan UFC’dagi uchinchi jangida braziliyalik Antonio Karlos Juniorga (10-4) qarshi ringga chiqishi haqida xabar berib o‘tgandik. Jang 14-mart kuni Braziliya poytaxti Braziliya shahridagi “Ginasio Nilson Nelson” arenasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, braziliyalik sportchi mashg‘ulotlar vaqtida jarohat olganini bildirgan va jangga chiqa olmaydigan bo‘lgan. Natijada tashkilotchilar mazkur jangni bekor qilishga qaror qilgan.
Avvaliga Antonio Karlos Bred Tavaresga (17-6, 5 KO) qarshi ringga chiqishi lozim edi, ammo bu jang bekor qilingandi. Endi Mahmud Murodovga qarshi jang ham bekor bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mahmud Murodovning vakillari UFC bilan keyingi jang bo‘yicha muzokara olib borishmoqda. Tez orada Mahmudning yangi raqibi aniq bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Mahmud Murodov UFC’dagi debyut jangida italiyalik Alessio di Kirikoni (12-4, 9 KO) ochkolar hisobiga ko‘ra, ikkinchi jangida Trevor Smitni (15-10, 10 KO) uchinchi raundda nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgan.
Izoh (0)