Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev tomonidan Jizzax viloyatida sayyor qabul o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unda 35 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilinib, murojaatlari tinglandi.
Qayd etilgan murojaatlarning 5 tasi sud masalalari, 6 tasi prokuratura va 4 tasi ichki ishlar ish yurituviga hamda 20 tasi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid murojaatlarni tashkil etdi.
Murojaatlarning 11 tasi joyida qanoatlantirildi, bittasi yuzasidan tushuntirish berildi.
Shuningdek, Nig‘matilla Yo‘ldoshev Sharof Rashidov tumanida bo‘lib, tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli, aholining turmush tarzi bilan tanishib chiqdi.
Sh.Rashidov tumani “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi bilan uchrashdi. Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatga olingan K.Odilova va A.Raupov xonadonlariga borib, ularning turmush tarzi va oilaviy ahvolidan xabar olindi.
Bosh prokurorning safari doirasida ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 1 kilometr masofadagi tuproq yo‘lga shag‘al yotqizilishi, ko‘cha bo‘ylab 50 ta elektr simyog‘ochlari o‘rnatilib, kabellashtirilishi ta’minlandi.
Izoh (0)