Toshkent metropoliteni “Yunusobod” yo‘nalishining yangi qurilayotgan qismida 18-dekabr kuni yuz bergan va kamida olti ishchining o‘limiga sabab bo‘lgan tuproq ko‘chishi hodisasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura.
Ish Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 258-moddasi (tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan qo‘zg‘atilgan. “Tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi idora axborotida.Jinoyat kodeksining 257-moddasiga muvofiq, texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi yoki mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalarini shu qoidalarga rioya etilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilsa va odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, aybdor muayyan huquqdan mahrum qilinib, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
258-modda esa tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum qilib, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni nazarda tutadi.
Avvalroq fojia munosabati bilan tashkil etilgan komissiya topshirig‘i bilan halok bo‘lgan olti ishchining oilalariga 100 million so‘mdan kompensatsiya puli topshirilgani, shuningdek, ularning dafn marosimlarini o‘tkazishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish haqida topshiriq berilgani ma’lum bo‘lgandi.
Mavzuga doir:
- “Voqea aybdorlari qonun oldida javob berishi shart”. O‘zXDP metro qurilishidagi fojiaga munosabat bildirdi
- Yunusoboddagi fojia vaqtida “O‘zbekiston 24” telekanali nega tomoshabin bo‘lib o‘tiribdi?
- “Hammamiz shokdamiz”. Quruvchilardan biri Yunusobod metrosidagi avariya qanday yuz berganini so‘zlab berdi
Izoh (0)