O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi yangi logotipini taqdim etdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, yangi logotip tavsifida qiyoslov keltirilgan: “Avval: davlat organi, “pogonli inspektor”, murakkab soliq majburiyatlari. Endi: majburiyatlarni bajarishga va foyda olishga yordam beradigan soliq xizmati”.
Yangi logotip asosan ikki rangdan iborat — ko‘k va to‘q oltinrang.
Ta’kidlanishicha, logotip asosida O‘zbekistonda baxt, erksevarlik va yaxshilik ramzi hisoblanadigan afsonaviy humo qushi tasvirlangan. Gerb uslubida aks ettirilgan qush davlatchilik va mustahkamlikka urg‘u beradi.
Qanotlarning ochilishi ochiqlik va halollikni aks ettiradi, 14 ta pat esa mamlakat viloyatlarini va Toshkent shahrini bildiradi. Qushning orqasidagi ko‘tarilayotgan quyosh esa davlatning yo‘lini va yangilikka harakatni yorituvchi nurni ifodalaydi.
Ramzning yuqori qismidagi ichida tangalar bo‘lgan kichkina qozoncha tashkilot faoliyatiga ishora hisoblanadi. Tangalar o‘rtasida ramziy sakkiz tomonli yulduz joylashgan. Tangalar va yulduz mamlakat soliq tizimini ifodalaydi. Yulduz esa butun tizimning ishini ta’minlovchi soliq qo‘mitasini ifodalaydi.
Izoh (0)