17-dekabr Turkiyaning Antaliya shahrida qo‘lida to‘pponchasi bor O‘zbekiston fuqarosi xususiy banklardan biriga bostirib kirdi, deb xabar berdi “Haberler” nashri.
Nashr xabariga ko‘ra, bosqinchi bank qo‘riqchilarini garovga olgan. Voqea joyiga politsiya va maxsus kuchlar jalb qilingan. Muzokaralardan so‘ng bosqinchi taslim bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, erkak shifokor bo‘lib ishlaydi va uni chuv tushirishgan. Shu sababli u bankka bostirib kirib, jamoatchilik e’tiborini o‘ziga qaratmoqchi bo‘lgan.
Antaliya gubernatorining yozma bayonotida keltirilishicha, bankka hujum uyushtirgan shaxs 41 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, uning qo‘lidagi to‘pponcha qo‘lbola bo‘lgan.
“Bugun soat taxminan 09:45 da 1979-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lida to‘pponcha bilan bankka bostirib kirib, u yerdagilarni garovga olgan. U o‘z xatti-harakatlari orqali jamoatchilikning e’tiborini o‘ziga qaratganidan so‘ng politsiyachilarga taslim bo‘ldi”, — deyiladi bayonotda.
Politsiya voqea yuzasidan tergov-surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Izoh (0)