Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni Dushanbe shahri meri Rustam Emomalini qabul qildi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, uchrashuv avvalida davlat rahbari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan. Ikki qardosh mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish ta’minlangani, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida strategik sheriklik yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlangan.
Dushanbe meri Rustam Emomali qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirib, Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Uchrashuvda, shuningdek, mamlakatlar poytaxtlari Toshkent va Dushanbe o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilingan.
Shaharni boshqarish va infratuzilmani rivojlantirish, “yo‘l xaritasi” asosida qo‘shma kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlarini amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 3-dekabr kuni kelgan Tojikiston prezidentining o‘g‘li Rustam Emomalini Toshkent xalqaro aeroportida Jahongir Ortiqxo‘jayev kutib olgandi.
Izoh (0)